Koronavirusga chalinib, poytaxtda davolanayotgan samarqandliklar nechta?
Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan xastalanganlar 158 nafarni tashkil etmoqda. Ularga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida, xalqaro standartlar bo‘yicha tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Shuningdek, bemorlar bilan yaqin muloqot qilgan fuqarolar ham zudlik bilan aniqlanib, ularning salomatligi ustidan 14 kunlik statsionar karantin kuzatuvi ham o‘rnatilgan. Bemorlarning 73 nafari erkak, 85 nafari ayollar bo‘lsa, shundan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir.
Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning aksariyati poytaxtimizda muolaja olishmoqda va ular orasida yurtimizning turli hududlaridan bo‘lgan fuqarolarimiz ham bor.
Jumladan, hozirda Toshkent shahrida yurtimiz bo‘yicha eng ko‘p bemor, ya’ni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida jami davolanayotgan 92 nafar bemordan 7 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 1 nafari vafot etgan. Hududlar kesimi bo‘yicha: Toshkent shahridan 73, Buxorodan 2, Qashqadaryodan 2, Navoiydan 2, Samarqanddan 7, Sirdaryodan 1 hamda Toshkent viloyatidan 5 nafar bemor poytaxtimizdagi ushbu tibbiyot muassasasida davolanmoqda.
“Qolgan 66 nafar bemor (shundan bir nafari vafot etgan) mamlakatimizning turli hududlaridagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanmoqda. Bu haqda keyingi materialimizda batafsil ma’lumot beramiz”, deyiladi xabarda.