Koronavirusga qarshi vaksina olgandan keyin immunitet qachon hosil bo‘ladi?

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayeva ma’lumot berdi:

— Koronavirusga qarshi vaksinani 1-bosqichini olganlarda immunitet hujayralar paydo bo‘lishi vaksina olgan kunidan 14 kun oralig‘ida ko‘tarilishni boshlaydi va uning maksimal ko‘tarilish darajasi oxirgi bosqich (ya’ni, 2- yoki 3-bosqich) vaksinani olgandan 30-60 kunlar, ba’zilarda esa 90 kun oralig‘ida erishiladi.

Bu immun tizimining necha kun yoki yil saqlanishini butun dunyo olimlari va o‘zimizning mutaxassislar ham nazorat qilib bormoqdalar. Vaqt o‘tib, immun hujayralarning saqlanish muddatlari haqida aniq ma’lumotlar beriladi.

Bugungi kunda mavjud ma’lumotlardan olimlarning taxminlari e’lon qilinib borilmoqda. Shunga ko‘ra, ular ba’zi vaksinalar 1 yil, ba’zilari 2 yil, ba’zi vaksinalar esa umrbod immun himoya hosil qiladi deb xulosa qilmoqdalar.

Shunga qaramay, vaksina olayotganlar va olganlar bilishlari kerakki, vaksina olib, immun himoyadaman, deb xulosa qilishga shoshilmang. Pandemiya tugagani yo‘q, ko‘rib turganingizdek, to‘lqinlar paydo bo‘lib turibdi. Shuning uchun doimiy karantin qoidalariga rioya qilish barcha infeksion kasallikdan saqlaydi.