Koronavirusning barcha ma’lum shtammlaridan himoya qiluvchi antitana topildi
Sent-Luisdagi Vashington universiteti tibbiyot maktabi olimlari koronavirusning barcha ma’lum mutatsiyalarini zararsizlantiradigan antitana ixtiro qilishdi. Tadqiqot universitet rasmiy saytida e’lon qilindi.
Ish mualliflari 43 ta namuna o‘rganishdi va Petri (meditsinada qo‘llaniladigan maxsus) idishida SARS-CoV-2ning dastlabki variantining oldini olishga qodirligi darajasini tahlil qilishdi. Keyin to‘qqizta eng kuchli zararsizlantiruvchi zarralar kemiruvchilarda sinovdan o‘tkazilgach, zarralarning eng samaralisi tanlab olindi.
SARS2-38-antitana koronavirusning keng tarqalgan - "alfa", "beta", "gamma", "delta", "kappa", "yota" variantlari bilan bir qatorda, kam uchraydigan mutatsiyalar bilan ham kurasha olishi ma’lum bo‘ldi. Olimlarning fikriga ko‘ra, SARS2-38-antitana virusning o‘zgarmas oqsil qismiga birikadi. Past konsentratsiya holatida yuqori neytrallash qobiliyati, shuningdek, infeksiya qo‘zg‘atuvchilarning barcha variantlariga ta’sir ko‘rsatishi yangi antitananing o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Antinanani ta’sir muddati
«Nature Comunications» jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari ma’lumot berishicha, SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi antitanalar kasallikdan keyin yetti oy davomida barqaror turishi yoki hatto ta’siri oshishi mumkin.
Barselonaning Global sog‘liqni saqlash instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda COVID-19 ni alomatsiz yoki yengil o‘tkazgan 600 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Ulardan kasallikdan keyin yetti oy davomida qon namunalari olinib, 6 xil SARS-CoV-2 antigenlarda IgA, IgM va IgG antitana darajasi va turi, shuningdek, shamollash keltirib chiqaradigan to‘rtta koronavirusga qarshi antitanalar miqdori tekshirildi.
Tadqiqot davomida mualliflar yoshidan (65 yoshgacha) va jinsidan qat’i nazar, antitana miqdori barqaror bo‘lib qolishi isbotlandi. Sinov, shuningdek, COVID-19 keltirib chiqaruvchi shamollash virusi (HCoV)dan antitana yaxshi himoyalashini ko‘rsatdi. Shunday qilib, SARS-CoV-2 kasalligi bo‘lgan odamlarda HCoVga qarshi antitana darajasi pastroq, belgilarsiz kechgan COVID-19 da esa yuqori darajadaligi aniqlandi.
"Superkoronavirus"
Avvalroq, Syurix Oliy texnik maktabi immunologi Say Reddi kelasi yili dunyoda koronavirusning yanada xavfli varianti paydo bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 mavjud shtammlarining kombinatsiyasi ko‘p sonli o‘lim bilan kechuvchi epidemiyaning yangi bosqichiga olib kelishi mumkin. Reddi ta’kidlaganidek, Janubiy Afrikaning «beta» va Braziliyadagi «gamma» varianti antitanalardan qisman qochishga imkoni beruvchi mutatsiyasini rivojlantirib ulgurdi.
Immunologning fikricha, pandemiyaning keyingi bosqichida «beta» va «gamma» shtammlari yanada yuqimli, «delta» esa immunitetni chetlab o‘tish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Raddi bu mutatsiyalarni muqarrar deb atadi. "COVID-22 biz hozir boshdan kechirayotganimizdan ham badtarroq bo‘lishi mumkin", dedi olim «Blick» gazetasiga bergan intervyusida.
Mutaxassis ta’kidlashicha, SARS-CoV-2 ning yangi variantini iloji boricha tezroq aniqlash zarur. Shunda vaksina ishlab chiqaruvchilarda preparatni infeksiyaga qarshi tezda moslashtirish imkoniyati bo‘ladi.
G.Xoldorova tayyorladi.