Korrupsiyaga qarshi kurashda qattiqqo‘llik kerak
Samarqand viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat, tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Qo‘shma majlisni viloyat hokimi E.Turdimov ochib, har bir rahbar o‘z sohasi va jamoasidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi, oliy ta’lim muassasasi, sog‘liqni saqlash va boshqa tashkilot rahbarlari xalq bilan muloqot qilish yo‘lini topishi lozimligini ta’kidladi.
Qo‘shma majlisda Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining viloyatdagi ijrosi muhokama etildi.
- Jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omillaridan biri hisoblanadi, - deydi Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov. – Zero, bu illatga qarshi turish faqatgina huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas, bu barchaning ishidir. Chunki oldimizda yurtimizning xalqaro nufuzi, mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etish vazifasi turibdi. Buning uchun albatta, poraxo‘rlikning oldini olish va batamom tugatish lozim.
Qo‘shma majlisda viloyatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari ham tinglandi.
- 2019 yil viloyatda 174 ta mansab suiiste’molchiligi va poraxo‘rlik jinoyatlari sodir etilgan, - deydi viloyat prokurori F.Zufarov. – O‘tgan davrda maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, xodimlariga nisbatan 60 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qariyb 1 milliard so‘mlik zarar undirilib, 86 nafar rahbar va xodimga jazo qo‘llanilgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018-2019 yillarda bank, oliy va o‘rta maxsus, xalq ta’limi, soliq, sog‘liqni saqlash tizimlari, advokatura, ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning mansabdor shaxslari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablarini biror marta ham o‘rganmagan va bu borada birorta taklif kiritmagan.
Qo‘shma majlisda senatorlar H.Normurodov, F.Toshev, xalq deputatlari viloyat Kengashining qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sh.Jo‘raqulov, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov viloyatimizda korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar haqida so‘z yuritib, bu illatga loqayd bo‘lmaslik kerakligini ta’kidlashdi.