Kosta-Rika yoki oltin sohil

Xristofor Kolumb 1502 yilda o‘zining to‘rtinchi safari chog‘ida Karib dengiz sohillarida juda ko‘p hayratomuz joylarni aniqlaydi.

Kolumb va uning komandasi a’zolarini, ayniqsa, son-sanoqsiz vulqonlar va tillarang plyajlar, yashil marvarid qumlar hayratga soladi. Bu joyni Kolumb Kosta-del-oro, ya’ni «Oltin sohil»deb ataydi.

Bu nom o‘zini to‘liq oqladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu joyda yashovchi ko‘p sonli hindular behad ko‘p tilla taqinchoqlar taqib yurishadi.

Yana bir hayratli jumboq shu ediki, sohilga turli hajmda eng kichkina yumaloq toshlardan diametri 5-6 metr keladigan ulkanlarigacha sochilib yotardi. Ispan mustamlakachilari bitmas-tuganmas xazinaga ega bu mamlakatni bosib olishga kirishdilar va Kosta-del-oroni Kosta-Rika, ya’ni badavlat sohil, deb qayta nomladilar.

***

Ablah mashina

Mashhur amerikalik aktyor Jeyms Din mashinani tez haydashni yaxshi ko‘rgan. U «Porsche-550-Spyder» poyga mashinasini xarid qilib, «Kichkina ablah» deb nom qo‘yadi.

1955 yil 30 sentyabr kuni Jeyms avtomobilida sayr qilishga chiqadi. Deyarli ochiq yo‘lda u tezlikni soatiga 150 kilometr tezlikka chiqaradi va ro‘paradan kelayotgan «Cadillac»ka urilib, halok bo‘ldi. Aniqlanishicha, «Porsche» «Cadillac» bilan yonma-yon kelganda keskin burilib, unga urilgan. O‘zini o‘ldirish uchun Jeymsda hech qanday sabab bo‘lmagan.

Xullas, bu mashina keyin ham odamlardan qasd olishdan to‘xtamaydi. Masalan, pachog‘i chiqqan mashinani garajga olib ketishayotganda avtomobil ustasi uning kuzovidan yiqilib, qo‘lini sindiradi.

«Kichkina ablah»ni qismlarga ajratib sotishga qaror qilishadi. Motor va kardon valini sotib olib o‘z mashinalariga qo‘ygan ikki avtopoygachi navbatdagi poygada halokatga uchraydi. Bu bilan mashina o‘ch olishni to‘xtatmaydi. «Porsche-550-Spyder»ni Jeyms Din xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada namoyish qilishayotganda, u maxsus joylashtirilgan supadan qulab tushadi va bir odamning o‘lishiga sabab bo‘ladi. Aftidan, ablah, degan nom unga yoqmagan ko‘rinadi.

T.Shomurodov tayyorladi.