Kreml qirolichasi

* Tarixning o‘qilmagan sahifalari

SSSRning birinchi xonimi Raisa Gorbacheva vafot etganiga yigirma yildan oshdi. U muntazam televizor ekranlarida ko‘rinib turar, KPSS MK bosh sekretari, keyinchalik mamlakat prezidenti Mixail Gorbachevning chet el safarlarida birga bo‘lar, chet el delegatsiyalarini qabul qilishida ishtirok etardi.

Uzuksiz nikoh

Ittifoqning oldingi rahbarlarining umr yo‘ldoshlari siyosatga aralashmagan, uy-ro‘zg‘or ishlari va bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Raisa Gorbacheva bu an’anaga chek qo‘yib, eridan kam bo‘lmagan mavqega erishdi.

Raisa Maksimovna Titarenko 1932 yil 5 yanvarda G‘arbiy Sibir (hozirda Oltoy)ning Rubsovsk shahrida, temiryo‘lchi oilasida to‘g‘ildi. 1950 yilda maktabni oltin medal bilan bitirib, Moskva davlat universiteti (MDU)ning falsafa fakultetiga imtihonsiz o‘qishga kirdi. Bu yerda yotoqxonada bo‘lajak eri, huquqshunoslik fakultetida o‘qiyotgan Mixail Gorbachev bilan tanishadi.

Uch yildan keyin yoshlar oila qurishdi. To‘y talabalar oshxonasida kamtarona nishonlandi. Mixailning hatto kelinga nikoh uzugi sovg‘a qilishga ham puli yo‘q edi.

Universitetni tugatgan yosh oila Gorbachevning yurti Stavropolga jo‘nadi. Bu yerda Gorbachev mahalliy prokuraturada, VLKSM o‘lka qo‘mitasida ishladi. Raisa institutda falsafadan dars berdi. 1957 yilda qizi Irina tug‘ildi. 1967 yilda Raisa Maksimovna “Kolxoz dehqonchilik tarzining yangi qirralari shakllanishi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Gorbachevlar uzoq vaqt kommunal uyda, ikki xonali kvartirada yashaydi.

Stavropolcha mehmondo‘stlik

Mixail Sergeyevich Mavqe pillapoyalardan dadil ko‘tarilib bordi va 1970 yilda KPSS Stavropol o‘lka komitetining birinchi sekretari lavozimiga saylandi. Ammo kelajakda yanada o‘sishi uchun mamlakatning yuqori rahbarlari bilan mustahkam aloqa zarur edi.

Gorbachevning iltimosi bilan SSSR sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi partiya yuksak martabali amaldorlariga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi IV boshqarma boshlig‘i Yevgeniy Chazov siyosiy byuro a’zolarini davolanish va dam olish uchun Stavropolga jo‘natadi. Bu yerda oliy martbali amaldorlar uchun bir nechta sanatoriy jihozlandi. Ularda mehmonlar uchun qo‘ngilochar kechalar, ziyofatlar uyushtirilib, qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Raisa erini ataylab ziyofatlarga yetaklab borar. Davrada o‘zini qanday tutishi, nima haqida gapirishi, oliy martabali mehmonlarda o‘zi haqida yaxshi taassurot qoldirishi uchun nima qilishi lozimligini uqtirardi.

Harakat zoye ketmadi. 1978 yilda Mixail Gorbachev MK sekretori bo‘ldi, ikki yil o‘tib, siyosiy byuro tarkibiga kiritildi.

Kredit kartaga sirg‘a

1984 yil SSSR Oliy soveti delegatsiyasi Gorbachev boshchiligida Angliyaga tashrif buyurdi. U Oliy sovet tashqi ishlar komissiyasi raisi edi. Guruh tarkibida Raisa Maksimovna ham bor edi. MDUda dars beradigan bu ayolning Oliy sovetga hech qanday aloqasi yo‘q edi. Gorbachev hali bosh sekretor bo‘lmasa-da, oilaviy juftlikni g‘oyat oliy darajada kutib olishdi. Mahalliy jurnalistlar Raisa Gorbachevaning “Karte” salonida “Amerikan ekspress” kredit kartasi yordamida bahosi 5000 dollarlik brilliant sirg‘a xarid qilganini yozishdi. Demak, karta egasining G‘arb banklaridan birida shaxsiy hisobi bor. Keyinchalik Chernenko ushbu xarid bilan qiziqib qoldi. Biroq Gorbachev kartochka sovet diplomatlaridan biriga tegishli ekanligini aytib, gapni olib qochdi. Kim biladi, Chernenko uch oy o‘tib olamdan o‘tmaganida bu surishtiruv nima bilan tugardi?

Uning o‘rnini Gorbachev egalladi.

Buyurmagan dacha

Raisa Maksimovna maqsadiga erishdi - mamlakat birinchi xonimiga aylandi. Rasmiy tadbirlarda u muntazam eri yonida paydo bo‘ldi. Shohona liboslari mamlakatda va xorijda tildan tilga ko‘chdi. Eri hukmronligi davrida Raisa Maksimovna 40 dan ziyod mamlakatlarda bo‘ldi. Xorijga safar chog‘ida samolyotda uning shaxsiy avtomobili ham haydovchisi bilan olib borildi. Mamlakat taqdiriga yoki xalqaro masalalarga daxldor muhim qarorlar qabul qilishda Raisa Maksimovnaning fikri hal qiluvchi rol o‘ynardi...

An’anaga ko‘ra, bosh sekretar va uning rafiqasi dam olish uchun Yalta yonida, Oreanda Qrim qarorgohini qurishni mo‘ljallagan edi. Ammo Raisa Maksimovna eridan boshqa alohida saroy qurishni talab qildi. Unga Foros posyolkasidan naridagi xushmanzara joy yoqqandi.

Bekaning xohishiga ko‘ra, dacha o‘sha davrdagi eng yangi texnik vositalar bilan jihozlandi. Dachani belgilangan muddatdan bir yil oldin foydalanishga topshirishdi.

Ammo davlat hisobidan juda katta xarajatlar evaziga barpo etilgan dachada dam olish “qirolicha”ga nasib etmadi. 1991 yil avgustda Gorbachev rafiqasi bilan dam olish uchun dachaga kelgan vaqtda Moskvada davlat tuntarishiga urinish bo‘ldi. Gorbachevlarning hukmronligi tugadi. SSSR degan davlat ham barham topdi.

SSSR tarqab ketganidan keyin Raisa Gorbacheva siyosat sahnasidan g‘oyib bo‘ldi. U xayriya ishlari bilan shug‘ullandi, eriga xotira kitobi chiqarishda ko‘maklashdi. 1999 yilda shifokorlar unda qon kasalligi - leykozni aniqlashdi. Sobiq birinchi xonim Germaniyaning Myunster shahri klinikasiga yotqizildi. Biroq shifokorlar yordam berisholmadi. Raisa Maksimovna 1999 yil sentyabrda 67 yoshida olamdan o‘tdi. U Moskvada Novodeviche qabristonida dafn etildi.

T.ShOMURODOV tarjimasi.