Kun qahramonlari yonimizda, bemorlar qoshida

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining neyroreanimatologi Tangribergan Yusupov 20 yildan buyon mashaqqatli, ammo mas’uliyatli kasbda ishlab yuzlab insonlar hayotini saqlab qolishga o‘z hissasini qo‘shib kelyapti.

T.Yusupov 2001 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini tugatgan. 2008 yildan boshlab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida neyroreanimatsiya bo‘limida mehnat qilmoqda.

Ayni paytda tajribali shifokor karantin markaziga aylantirilgan Samarqand davlat tibbiyot institutining 2-klinikasida bemorlarni davolamoqda. Karantinning 2-bosqichida shifoxonada yotgan 142 nafar bemorning 18 nafari reanimatsiya bo‘limida salomatligini tiklayapti.

- Shifokorning asl maqsadi bemorlarni darddan forig‘ qilib, oyoqqa turg‘azishdan iborat, - deydi «Sog‘lom turmush» medali bilan taqdirlangan T.Yusupov. – Pandemiya boshlangach, ko‘pchilik vahimaga tushib qoldi. Zudlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida koronavirus aniqlangan bemorlar karantinga olinib, davolash ishlari boshlandi. Ba’zida nafaqat bemorlarga, balki ularni davolashga chog‘langan shifokorlarga ham qiyin bo‘ldi. Lekin ko‘rilayotgan choralar, bemorlar va tibbiyot xodimlariga bo‘lgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda.

Tajribali shifokor T.Yusupov ham boshqa hamkasblari singari karantinning birinchi bosqichida bemorlarni davolashdagi ishtiroki tufayli 25 million so‘m bilan rag‘batlantirildi.

- Mehnatimizga yarasha munosib rag‘bat ko‘rsatilishi yanada samarali mehnat qilishga undamoqda, - deydi shifokor. – Shuningdek, uyimizdan, oilamizdan ham ko‘nglimiz tinch.

***

Prezident farmoni bilan mukofotlangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 8 nafar tibbiyotchisi orasida infeksionist-reanimatolog Qayum Xoliqov ham bor.

U 2010 yildan buyon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida vrach reanimatolog, 2014 yildan reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i.

- Shifokorlik mas’uliyatli kasb, - deydi «Sog‘lom turmush» medali sohibi Qayum Xoliqov. - Har bir qaroringiz ortida inson hayoti yotadi. Ayniqsa, reanimatsiya bo‘limida. 21 martdan buyon koronavirus bilan kurashyapmiz. Bugun bemorlar, xalqimiz oldidagi mas’uliyatimiz ikki karra oshdi. So‘nggi paytlarda og‘ir bemorlar soni ko‘payayotgani tunu kun ishlashni talab etyapti. Ularning har biri alohida e’tibor va parvarishga muhtoj. Bemor kasalxonaga tushkun ahvolda keladi. Ularga birinchi yordam ko‘rsatib, davolash bilan birga, kasallikni yengishga ishonchini uyg‘otishimiz lozim. Bemorlarning “Men yaxshiman”, degan so‘zini eshitib, bebaho boylik topgandek bo‘lamiz. Kuniga 12 soatlab, ba’zan 16-18 soatlab maxsus kiyimda ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Issiq kunlarda bu noqulaylik tug‘dirsa-da, o‘zimizning, farzandlarimizning, yaqinlarimizning salomatligini o‘ylaymiz.

Albatta, bugungi pandemiya sharoitida infeksiya bilan kurashish ularning burchi, ammo rag‘bat bu burch mas’uliyatini ikki barobar oshiradi.

Dilmurod To‘xtayev,

Nasiba Jonto‘rayeva.