Londonda o‘tkazilgan Navro‘z bayramidan maxsus reportaj
Buyuk Britaniya poytaxtida ushbu davlatda istiqomat qiluvchi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun Navro‘z bayrami bo‘lib o‘tdi. London shahridagi mazkur bayram butun jahon xalqlari oshxonasi hamda kichik biznes tarmoqlari uchun ofislardan iborat Mercato Metropolitano majmuasida o‘tkazildi.
Odatda Londonda milliy bayramlarimizni keng miqyosda nishonlash homiylar mablag‘lari asosida tashkil etiladi. Bu yilgi bayram Yevropa taraqqiyot va qo‘llab-quvvatlash banki, TEZ Parcel korxonasi, OshPaz & ORZU teatrlari, Britaniyada yashovchi o‘zbekistonliklar jo‘natmalari bilan shug‘ullanuvchi firma asoschisi Farrux Rasulov va boshqalarning tashabbusi hamda tashkilotchiligida o‘tdi.
Aytish kerakki, bayram bu safar har yilgidan ko‘ra rang-barang va yurtimizni eslatuvchi ko‘rinishlarga boy bo‘ldi. Pavilonda sumalakdan tortib, turli milliy taomlar pishirildi va tarqatildi.
Shuningdek, Markaziy osiyolik hunarmandlar tomonidan yasalgan buyumlar namoyishi, mamlakatimizning turli hududlariga xos kuy va raqslar ijrosi bayramga yig‘ilgan turli xalq va millatlarning qiziqishiga sazovor bo‘ldi.
Bayramda nafaqat o‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlar, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston vakillari ham qatnashib, o‘z milliy kuy-qo‘shiqlarini namoyish etishdi.
Zohida Milne-Boymatova,
Londondan Zarnews.uz sayti uchun maxsus.