Loqaydligimiz eski yilda qolsin yoki sartaroshning ibrati
Erta tong. Tong tandirdek oqarib, qushlar yangi kunni olqishlayotgan edi. Shu payt telefonim jiringladi. Ekranda "Salon" degan yozuv chiqdi. Ko‘tardim.
"Opa, Sizga bir narsani aytmoqchi edim. Nimadan boshlasam ekan, xullas bir oylardan beri yoshgina qizcha menga mijoz bo‘lgan. Pardozni quyuq qilishni, kipriklar ulashni, sochlarini jingalak qilishni so‘raydi. Ishim. Aytganini qilaman. Uning tez-tez kelishi menda shubha uyg‘otayapti. Oxiri so‘radim. Qizim, qayerdansan, onang bu ishingni biladimi, dedim. U esa "Siz savol berguncha ishingizni qiling va pulingizni oling" dedi. Uning bu galgi talabi oshib ketdi. U sochlarini kuydirib, sariqqa bo‘yashimni so‘rayapti. Yana telefonda bir yigit bilan uchrashuv joyini kelishayapti..."
Ortiq eshitolmadim. "Ketib qolmasin, besh daqiqada yetib boraman" dedimu yo‘lga tushdim. Ketayapmanu yo‘llarning adog‘i yo‘qdek...
Qizchadan gap olish oson bo‘lmadi. Aniqlanishicha, ota-onasi uni yetmishdan oshgan keksa buvisiga tashlab, chet elga ketibdi. "Yaxshi yuruvdi" dedi mahalla mutaxassisi. "Bilmabmiz" dedi o‘qituvchi.
Uchrashuvni intiqlik bilan kutayotgan "yigitcha" 40 ga kirgan, 3 bolali erkak ekan. "Menga studentman, rasmingizni ko‘rib, sevib qoldim. Uylanaman degandi" dedi qiz yig‘lagancha.
O‘ziga oro bergan bu qiz maktabda 9-sinfda o‘qir ekan. Unga ikki nafar murabbiy biriktirildi. Endi uning har bir qadami nazoratda. Ota-onasi mahalla orqali hol-ahvol so‘raydigan bo‘ldi. Bu yosh qizni boshi berk ko‘chaga kirib qolishidan himoya qilganimizga umid qilaman.
Lekin yuragimni zirillatadigan bir tuyg‘u borki, nima uchun undagi o‘zgarishni mahalla faollari, maktab jamoasi sezmadi, oddiy sartaroshda bo‘lgan jonsaraklik yoshlar tarbiyasi yo‘lida xizmat qilayotgan ayrim mas’ullarni befarq qoldirdi?
Porloq kelajak, yoshlar kamoli, o‘zingizning ERTANGIZ UChUN UYG‘ONING...
Gulshan SHERMATOVA,
Nurobod tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.