Loyish istirohat bog‘ida nima gap yoxud “Egachim erga tegdi, eskisi menga tegdi”mi?

Har bir yurtning, viloyat yoki tumanning, vaholanki, har bir oilaning o‘z oromgohi bor. Oila a’zolaringiz va mehmonlar uchun hovlingizdagi daraxt yoki uzum so‘risi ostiga chorpoya qo‘yasiz, gullar ekasiz, soya-salqin, toza havoda o‘tirib dam oladigan joyingiz bo‘ladi.

Oqdaryo tumanida ham xalqimiz uchun xuddi ana shunday dam olish joyini, istirohat bog‘ini tashkil etish uchun 1980 yilda 11 gektar yer ajratilib, chinor va boshqa soyali daraxtlar ekilib, yo‘lning qarama-qarshi tomonida katta futbol maydoni, tomoshabinlar uchun qulay yo‘l va yo‘laklar maydonchalar tashkil etilgan edi. Tuman rahbari O‘ktam Olimov, ijroqo‘m Usmonqul Shukurov bu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan edilar. Xalqimiz hashar yo‘li bilan bunyod etgan bu maskanning kelajak rejalari go‘zal edi. Istirohat bog‘ining to‘rida kattakon ko‘l bo‘lib, sayyohlar qayiqlarda suzib orom olardi. Oradagi qirq yil ichida bu istirohat bog‘i va maydonlarda nima voqealar, ne sinoatlar ro‘y bermadi deysiz. Necha hokimlar keldi, ketdi, biri ekdi, biri kesdi, biri qurdi, biri buzdi. Qayiqlar o‘tin bo‘ldi, ko‘llar ko‘milib, uy-joylarga sotilib ketdi. Bog‘ o‘rtasidagi xotira maydonining haykallari qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Parkimizni xudo qismadi, hokimlar qisdi, sotilaverib, tadbirkorlarga berilaverib, oxiri o‘rtada 5 gektaru sakson sotix yer qoldi, xolos. Bu yerga ham xuddi, boshqa joy qurigandek, avtostoyanka, notarius, musiqa maktabi, nuroniylar, muzey, MXX binolari qurildi, yana qaysidir shaxslarga ham yer berildi. Xullas, 1,5 gektarga yaqin yer maydonida qolgan sanoqli chinorlar va bir yilda bir marta usti ochilmaydigan, ishlamaydigan yakkam, dukkam tunuka o‘yinchoqlardan boshqa durustroq, ko‘ngil ochadigan manzarani topolmaysiz.

Atrofimizdagi barcha tumanlarda istirohat bog‘lari gullab-yashnadi, osmono‘par charxpalaklar, zamonaviy attraksionlar va amfiteatrlar qurildi, favvoralar o‘rnatildi. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, tumandoshlarimizni ham o‘ziga jalb etdi. Xalqimiz oilaviy dam olish kunlarini, kelin-kuyovlarimiz to‘y kuni sayillarini qo‘shni tumanlar istirohat bog‘(park)larida o‘tkazib, Payariq, Ishtixon, Samarqand, Juma shaharlariga borib, pullarini boshqa tumanlar “parkchi”larining cho‘ntaklariga solib kelayotganligining barchasiga hamon guvohmiz.

”Yolg‘on bo‘lmasin, besh-olti yil oldin bizning parkimizda ham bir chiroyli, baland charxpalak paydo bo‘lgandi, - deydi park yonidagi uylarda yashovchi keksa otaxon. – Ko‘p vakt o‘tmay uni ham ag‘darib tashlashdi, temirlaridan muzey xonasi (o‘tov suyagi)ni yasashdi, o‘tovni ham buzib, o‘rniga g‘ishtdan xona qurishdi, xullas, charxpalak yo‘q bo‘ldi, aniqrog‘i, “tuya” qilishdi. Televizorda boshqa tumanlardagi istirohat bog‘larini ko‘rib havas qilamiz, kechki payt, ishdan so‘ng barcha aholi oilaviy dam olishga chiqadi, hammayoq charog‘on, bolalar xursand, o‘yingohlar, turli attraksionlar, yemakxonalar ishlab turadi. Bizning parkimizda esa kechasi boyo‘g‘li sayraydi, qop-qorong‘u, zim-ziyo, ichiga kirish tugul yonidan o‘tishdan qo‘rqasan odam. Shu paytgacha na madaniyat uyi xodimlari, na tuman hokimliklari bu muammolarning yechimini topa olmadilar.

Xayriyatki, 2017 yilda ishga kelgan tuman hokimi P.O‘sarov istirohat bog‘ining bosh loyihasini chizdi va yozgi amfiteatrni qurib bitkazdi. Tadbirkorlarni jalb etgan holda qurilish ishlarini boshlagan edi hamki hokim ishdan ketdi va loyiha ishi yana to‘xtadi. Bugungi kunda amfiteatrning ahvoli ham achinarli holda, tuman madaniyat uyining xodimlari teatrdan unumli foydalanish tugul, loaqal, bu maskanni butun saqlab qolish, ta’mirlashning ilojini topolmayaptilar.

“Kampirning dardi g‘o‘zada” deganlaridek, istirohat bog‘idagi voyaga yetgan chinorlarning bozorbopligi, xaridorgirligi ko‘pchilik rahbarlarning ishtahasini ochib yubordi va hanuz davom etmoqda. 2016 yilda tuman hokimining xohishi bilan istirohat bog‘idagi chinor daraxtlari “ulgurji” savdoda yoppasiga qirqilayotgan paytda bir guruh faollar - “Oqdaryo ovozi” gazetasining muharriri Yo‘lchi Muhammadiyev, tuman madaniyat uyi direktori Sobir O‘roqov, nuroniylardan Ahror Jalilov va boshqalar voqea joyiga reyd tashkil etib, chinorlarni, tom ma’noda istirohat bog‘ini saqlab qolishgandi. Afsuski, undan keyin ham rahbarlarning parkka munosabatlari o‘zgarmadi. Xalqimiz dono - “O‘zingdan cho‘pon chiqmasa, cho‘pon tayoqqa yolchimaysan”, deydi. Darhaqiqat, “Hokimlarimiz agar oqdaryolik bo‘lganlarida, asosan, xalqimiz dam oladigan, hordiq chiqaradigan ushbu maskanni o‘zlarining bolalari uchun hamda elidan uyalganidan ham jannat joyga aylantirarmidi?..” deb o‘ylaymiz goho mahalliychilik qilib.

Yaqinda tuman istirohat bog‘ini zamonaviy qayta qurilishi to‘g‘risida yangi biznes-rejasi yaratilganligi, tadbirkorlarimiz tomonidan yangi charxpalak va attraksionlar, ko‘ngilochar o‘yin jihozlari o‘rnatilishini eshitib benihoyat xursand bo‘lgan edik, hatto, bolalarimizga suyunchi aytib, va’dalar berib qo‘ygandik. Xayriyat, park ichidagi huvillab, “otangga bor-onangga bor” bo‘lib yotgan qurilish binolari sansalorlikdan, falajlikdan qutulib, odamlar bilan gavjum bo‘lsa, amfiteatrlarda kuy yangrasa, favvoralar otilib, muzeylar ochilib, tarixdan so‘ylasa... Nahotki, madaniyat uyi xodimlari, hokimiyatdagi mutasaddilar bu muammolarning yechimini topgan bo‘lsa?!. Afsuski, quvonchimiz ko‘pga cho‘zilmadi.

Kecha tongdayoq, tuman markazi aholisi orasida “Istirohat bog‘iga yangi zamonaviy atraksionlar emas, eski, eng achinarlisi, qo‘shni viloyatdagi qaysi bir tumanning istirohat bog‘idan besh yil avval yaroqsiz deb chiqarib tashlagan metallolom bo‘laklari keltirilganligi to‘g‘risida xunuk xabar tarqaldi. Bu jihozlar hali joyiga tiklanmasdanoq, “Agar o‘sha “spisat” qilingan narsalar quriladigan bo‘lsa, bolalarimiz tugul, o‘zimiz ham, hech birimiz u parkka borishni istamaymiz! ”degan haqli e’tirozlar bildirila boshladi. Biz “Oqdaryo ovozi” tuman gazetasi xodimlari aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan ushbu voqeani o‘rganish va aniqlik kiritish maqsadida istirohat bog‘iga yo‘l oldik.

Boqqa kirar ekanmiz tadbirkorlarimizni ish jarayonida uchratdik. Darhaqiqat, park o‘rtasida juda ko‘p metallolom uyumlari, chirigan trubalar, kesib olingan o‘rindiqlar, bo‘yoqlari o‘ngib ketgan “karusel” halinchak bo‘laklari, xullas, butun bir istirohat bog‘idagi eski jihozlar keltirilgan. Bu materiallarni ko‘rsangiz, beixtiyor Jizzax shaxridagi temir charxpalak uzilishi fojiasidan halok bo‘lgan qiz va shunga o‘xshash qator dahshatli voqealar ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Metallolom uyumlarini suratga olar ekanmiz, tadbirkorlarimizga bu manzara yoqmadi shekilli, bosh tadbirkor yigit gazeta suratkashining yoniga kelib, zarda qildi:

- Sen kimsan? Sizlarni bu yerga kim yubordi? Apparatingni yig‘ishtir! Telefoningni ber buyoqqa, rasmga olishga haqqing yo‘q, - deya o‘shqirdi.

- Biz tuman gazetasidanmiz, murojaatlarni o‘rganishga keldik...

- Men tadbirkorman! Mening oyog‘imga hech kim bolta urolmaydi, bor, qo‘llaringdan nima kelsa qilaveringlar, isqirtlar, ifloslar, ko‘rolmaydiganlar...”.

Oraga park direktori tushib, barchamizni tartibga chaqirgan edi hamki, tadbirkor yigitimiz u kishini oshira ketdi. “Siz aralashmang! Siz bu yerda bor yo‘g‘i qarovulsiz, aralashishga haqqingiz yo‘q, sizlar o‘ttiz yildan beri nima ish qildilaring? Men bu yerni obod qilmoqchiman!

Ana “qahramonlik”, mana “fidoyilik”!

Tadbirkor Bobirjon Saidmurodovga qaydlarimiz: “Hurmatli tadbirkor, agar siz shu bog‘ni obod qilib, xalq ko‘nglini xushnud etmoqchi, biznes-reja tuzib, kredit olib, evaziga boylik, obro‘ topmoqchi ekansiz qandingizni uring! Ammo, unda nega yangi, zamonaviy jihozlarni sotib olmadingiz? Nega biznesingizni ko‘p yillarga mo‘ljallab, xalqimizni yillar davomida doimiy xursand qilishni rejalashtirmadingiz? Axir, bu biznes! Bu eski arava bilan ko‘pga borolmaysiz-ku! Kimni aldamoqchisiz? Davlatnimi? Xalqnimi? Yoki o‘zingiznimi? Afsuski, kimni aldasangiz ham barcha qalloblikning jabri xalqning gardaniga tushadi. Siz haqiqiy tadbirkor bo‘lsangiz, xalqingizning farzandlarini qo‘shni tuman bolalarining chiqindiga chiqarib tashlagan “cho‘loq toychoq”lariga emas, o‘zingiz sotib olgan yangi, “gijinglagan toychoq”laringizga mindiring. Yana sizdeklarga tegishli maqolga qaytamiz: “Egachim erga tegdi, eskisi menga tegdi”mi? Qo‘shni tumanimizning tadbirkorlari istirohat bog‘lariga yangi charxpalagu atraksionlar o‘rnatsa-yu, biz ularning eskisini olib kelib, o‘zimizni o‘zimiz fojelikka mahkum etamizmi? Bu ahvolda oqdaryoliklarning qachon eskisi yangi bo‘ladi, aksincha, eski dardi yangi bo‘laveradimi?”.

Park mudiriga tasalli berdik. Darhaqiqat, “Tadbirkor”imiz aytganidek, hokim va uning o‘rinbosarlari tartibga ololmagan ishni oddiy park qorovuli qanday uddalasin. Muhokamada istirohat bog‘i joylashgan “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O‘ktam To‘qliyev o‘zining qat’iy fikrini bildirdi:

- Bu eski, yaroqsiz temir-tersaklardan yasalgan attratsion yoki boshqa qurilmalar aholi hayoti uchun xavfli. Bu fojiaga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Harqalay tadbirkorlarimiz bizning telefon, apparatlarimizni tortib olishga haddilari sig‘madi. Zero, hali tahririyat binosiga qadam qo‘ymasimizdanoq ijtimoiy tarmoqlarda oqdaryolik tadbirkorlar zamonaviy yangi attraksionlarni emas, bir uyum metallolomni arzon garovga sotib olganliklari, buning ortida noqonuniy manfaatdorlik mavjud ekanligi to‘g‘risidagi tuman blogeri Zafar Ochilovning videolavhalari tarqaldi.

Ana shunaqa, hurmatli “tadbirkor”lar, elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Modomiki, xalqqa xizmat qilar ekansiz, niyatingiz xolis, xizmatingiz iddaosiz bo‘lsin, halol va xushmuomalali bo‘ling. Tadbirkorman deb yuzingizga qalin niqobni taqib olmang. Niqobingiz qanchalik qalin bo‘lmasin xalq uning ortida nima borligini aniq bilib turibdi. Harqalay, oqdaryoliklar “egachilaridan qolgan eski ko‘ylakni kiymoqchi emas”, bu zaif, ishkal ishning oqibati fojia bilan tugaydi, xalqimizga yaxshilik keltirmaydi!   

Oygul Mamatova.