Madaniy muxtoriyatdan siyosiy muxtoriyat sari

Jadidlar millatning umumiy saviyasini ko‘tarishni taraqqiyotning asosiy omili deb bilishgan va bu jihatdan adashmaganlar. Lekin ularning ezgu niyatlarini sezgan o‘ta ayyor mustamlakachilar turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilgan.
Shu bois ular ma’rifat bayrog‘i ostida harakat qilishgan. Buni Behbudiy faoliyati misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, “Samarqand” gazetasida (1913 yil 30 iyul soni) uning “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” maqolasi berilgan.
“Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe’ ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobe’dur? Buning oxiri xarobdur”, deb yozadi Behbudiy.
Maqoladan ikkita gap iqtibos sifatida olindi, xolos. Har bir so‘zida hikmat bor. Mag‘zini chaqadigan bo‘lsak, naqadar zalvorli, qaysidir ma’noda dahshatli xulosa kelib chiqadi. Bu siyosatga taalluqli yoki siyosiy xulosaga keltiradigan fikr emasmi?
Chor Rossiyasidagi 1917 yil fevral voqeasi(Nikolay podshoning taxtdan qulashi)dan keyin jadidlar ma’rifiy “libos”larini yechib, siyosiy harakatlarini boshladilar. Afsuski, hammasi jadidlar kutganidek bo‘lmadi – millat sifatida shakllanmagan qavm bo‘linib ketdi. Bu borada u bir viloyatda kechgan jarayonni shunday tasvirlaydi: “Samarqand xalqi ikkig‘a bo‘lindi. Bilkulli ikkiga emas, yuzg‘a bo‘lunib, xalqning ko‘ngli sovub, ba’zilarning so‘z va harakatidan nafratlanib, tarqalib ketdilar”. Hurriyatni asrab qolish uchun Behbudiy zor qaqshab xalqqa murojaat qiladi. Uni o‘qib iztirobga tushmaslikning imkoni yo‘qligini anglaysiz: “Aziz hamshaharlarim, mo‘’tabar ahli vatanim, hammangiz bir bo‘lub, xalq va dinning rivoji uchun birlashub, oradaki nafratlarni tashlab, xudoning bergan hurriyat ne’matidan naf’ilanmoq harakatida bo‘lmoq kerak va alan bizning bu harakatsizligimiz bizdan hurriyatni ketkurib yana boshqalarg‘a bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz va bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat o‘rniga la’nat o‘qurlar” («Ulug‘ Turkiston». 1917 yil 12 iyun). Faqat ma’rifiy harakatni (ozodlikni emas) maqsad qilgan inson shu gaplarni matbuot orqali ayta olarmidi?
"Turkiston muxtoriyati" sarlavhali maqolasida esa 1917 yilda Qo‘qonda e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatiga munosabati, ishtirokidan faxrlanishi uning siyosiy arbob bo‘lganligini anglatadi: "27 noyabrda Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon siyezdida e’lon qilindi. Muborak va xabarli bo‘lsin! Kamina ham majlisda bo‘lish uchun iftixor etaman. Yashasun Turkiston muxtoriyati!” («Hurriyat» gazetasi, 1917 yil 19 dekabr).
Behbudiyning siyosiy arbob bo‘lganligi uning halok bo‘lishi e’lon qilingan (hokimiyatga o‘rnashgan bolsheviklar uni qoralashga ulgurmagan) davrda yetti kishilik nufuzli komissiya xulosasida ham e’tirof etilgan: “Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy muntazam bir tahsil ko‘rmadigi holda xidmat mashqining o‘tig‘a chiday olmasdan, o‘zining sabot va g‘ayratiga tayanib butun xidmatni o‘z bo‘ynig‘a yukladi. Mahmudxo‘ja yurtning ehtiyojiga qarab muharrirda bo‘ldi, muallimda bo‘ldi, gazetchilik qildi, maktab kitoblari yozdi, tiyotrchilik qildi, siyosiy ishlarg‘a ishladi, xalqqa siyosiy fikr berdi, xalqning iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini isloh qilmoq uchun iqtisodiy va ijtimoiy olim bo‘lib xalqqa fikr tarqatdi. Fiqhi islom, hadis va tafsir bilan shug‘ullanib suylayturg‘on va yozadurg‘on narsalarini shar’iy dalillar bilan isbot qildi” (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1920 yil 8 aprel).
“Padarkush” – siyosiy asar!
Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi haqida ko‘p yozildi. Uning mazmuni hammaga ma’lum: o‘qimagan farzand o‘z otasining o‘ldirilishiga sababchi bo‘ladi. Lekin oila (Turkiston) tanazzuli otakushlikdan (Mirzo Ulug‘bek davridan) boshlanganini jadidlar rasman aytishmagan bo‘lsalar-da, yozgan asarlarida, darsliklarida ishoralar qilishgan. Sharq davlatlari, jumladan, Turon... Turonning xonliklarga bo‘linishlari, birodarkushliklar, ilm-ma’rifat asosida rivojlanish o‘rniga kibrga, ayshu ishratga berilishlar... Keling, parchalanish sabablari haqida va ushbu drama yaratilganiga qadar aytilgan, ya’ni Behbudiy xulosasiga quloq tutamiz.
«Ta’rix deyurki, bir zamon keldiki, ulamo va umaroi islom jubun va tanbal, ayshi beparvo, digar tarafdan bir-birlari ila muxolif bo‘ldilar. Ta’lim va tadrisi ulamoi din lodonlar majlisini tarjih (ustun – H.S.) etdilar. Umaro va salotini islom nohaq yerg‘a yuz minglab ahli islom qonini to‘kub, taraf-taraf bo‘ldilar. Ulamo bo‘lsa umaro nonig‘a va maoshig‘a ko‘z tikib, muqobillarining takfirlariga qadar ilgari ketdilar. Husumati mazhabiyya va ta’sib ilmiyyag‘a ahamiyat berdilarki, nasroniyat olamidaki va papaliq zamonindaki ixtiloflarg‘a monand nizolar olami islomni parchalanmoqig‘a sababiyat berdi” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Ta’rix va jug‘rofiya // “Turkiston viloyatining gazeti”, 1908 yil 30 noyabr).
“Padarkush”ni shu fikrlarni muntazam takrorlab yurgan inson sifatida mutolaa qilsak, asardan har birimiz o‘zimizga mos ramzlarni topa olamiz. Masalan, padarkush atamasining o‘zi yurtimiz tarixidagi ulkan fojiani eslatadi. Asarning to‘liq nomi “Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi” deb ataladi. Behbudiy dramani nega “Padarkush yoxud buyuk saltanat fojiasi” deya nomlamadi? Mustamlakachi senzurasi bunday asarni chop ettirmasligi aniq edi. Hatto, pesani senzuradan o‘tkazolmay ikki yil sarson bo‘lgach, asarni 1812 yilda ruslarning fransuzlar ustidan Borodino jangida g‘alaba qozonganligining 100 yilligiga “bag‘ishlagan”idan keyingina ruxsat olgani fikrimizga asosdir. Qolaversa, buyuk saltanat fojiasi haqida yozilsa, jadidchilik harakatining maqsadi ayonlashib, uning namoyandalari avvalroq qatag‘onga uchrashi muqarrar edi. Shu bois jadidlar yaratgan asarlarda asosiy fikrni ramzlar vositasida aytishga harakat qilinadi.
Ramzlar “Padarkush” asarida ham yetarli. Masalan, “3 parda, 4 manzarali, milliy birinchi fojia”. Muallif “milliy birinchi fojia” deya faqat asarning dastlabkisi ekanligini ta’kidlayapti desak, Behbudiyga munosib baho bermagan bo‘lamiz. Bu gapni “birinchi milliy fojiamiz” yoki “milliy fojiamizning birinchi qadami”, deya o‘qisak ma’no yanada kengaymaydimi? Asardagi Boyning millat ziyolisiga munosabati Mirzo Ulug‘bek qatli va hatto, undan avvalroq Amir Temur barpo etgan saltanatni jaholat sabab bo‘lib olgan hukmdorlar fojiasining ramzidir.
Behbudiy oramizda bo‘lganda nimalar degan bo‘lardi?
Birinchidan, ozodlikni madh etishi muqarrar edi! Lekin alqash bilan kifoyalanmasdan millat ravnaqi, yurtning dunyodagi rivojlangan davlatlar darajasiga chiqishi yo‘lida yangi g‘oyalar bilan chiqardi.
Ikkinchidan, o‘z davrida Behbudiyning qozoq qardoshlarimizga murojaati Turkiston muxtoriyati xavf ostida qolganini anglagan donishmand siyosatchining faryodi hisoblanadi. Bugun ham ana shunday xavf bor va buni yaxshi anglagan davlatimiz rahbari “Turkiy davlatlar tashkiloti”ni tuzishda ishtirok etib, tarixga muhrladiki, bu g‘oyaning rivoji uchun Behbudiy jonini berishga ham tayyor turgan bo‘lardi.
Uchinchidan, jamiyatdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha fikrlar berishda davom etardi, xususan, xalqimizning ilmga intilmaydigan, to‘y va ma’rakalardan bo‘shamaydigan toifasi bugun ham katta muammo ekanligi, ular o‘zlarigagina zarar qilsalar mayli edi, lekin zo‘rma-zo‘raki taqlid qiluvchilar sonining ko‘payishi millatni tanazzul botqog‘iga botiradi, deya faryod chekardi.
Va nihoyat, to‘rtinchisi. Dunyo tarixi, taraqqiyoti, tanazzuli, anbiyolar, ixtirolar haqida chuqur bilimga ega donishmand siyosiy arbob hozir ham ma’rifat yo‘lidan qaytmagan bo‘lardi. U Mendeleyev jadvalida uchraydigan barcha kimyoviy elementlar O‘zbekiston zaminida borligini ro‘kach qilish bilan kifoyalanmasdan, ularning har birini qazib oladigan texnikalardan tortib, qayta ishlaydigan va eng asosiysi, xom ashyo sifatida sotib kun ko‘radigan emas, balki tayyor mahsulotga aylantirib, ham xalq, ham davlat xazinasini boyitadigan, atrofdagi gegemon davlatlar xurujlaridan o‘z himoyasi uchun zarur bo‘ladigan betakror qurol yaratishdan tortib, millat koriga yaraydigan zamonaviy zavodlar qurib, ularni boshqaradigan komil mutaxassislarni tayyorlashgacha bo‘lgan masalalarni xalqimiz, birinchi navbatda, ziyolilarimiz oldiga qo‘ygan bo‘lardi.
Bunday to‘xtamga esa donishmand siyosiy arboblar keladi, desak aslo xato bo‘lmaydi.
Behbudiyning adabiyot, matbuot sohasi deysizmi, maktabu oliy o‘quv yurtlari ta’limi islohi, Turkiston tarixini yozishning zarurati, ko‘p tillarni bilish kabi millatni taraqqiyotga boshlaydigan barcha masalalarda o‘z qarashiga egaligi va uni asoslay bilishi, amali (“Haq olinur, berilmas”), o‘z ortidan xalqni boshlay olishi va bu yo‘lda jonini qurbon qilishdan toymasligi uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida ta’kidlangan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi” ekanligini isbotlaydi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(“Adolat” gazetasining 2025 yil 11 aprel, 14-sonidan olindi).