Madaniyat vazirligi IIV xodimlaridan uzr so‘ragan ijodkorlar haqida bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqda IIV YHXBB axborot xizmati tomonidan "Hazilning tagi "zil" bo‘lmasin" deb nomlangan video tarqaldi.
Unda "Sho‘rdanak" va “Qalpoq” hajviy guruhlarining IIV xodimlari haqida qilingan yumoristik roliklari uchun kechirim so‘ragani aks etgani ommalashmoqda. Shu bilan birga madaniyat vaziriga ham feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali “So‘z ustalari xuddi yomon ish qilib qo‘ygandek, boshini xam qilib uzr so‘rayapti. Agar kimningdir shaxsiyatiga tegishgan bo‘lsa, IIV sudga bersin. Ular o‘z ishini qilgan! Yumor qildi, kuldirdi. Endi, vrachlar, o‘qituvchilar, traktorchilar chiqadimi, "biz haqimizda askiya qilmang", deb. Vazirlik komissiya tuzib o‘rgansin. Axir har ikki sahna asari badiiy to‘qimaku? Xulosasini IIVga bersin! Madaniyat vaziridan jo‘yali javob kutamiz” kabi murojaatlar Madaniyat vaziriga ochiq yo‘llandi.
Madaniyat vazirligi vaziyat yuzasidan "Sho‘rdanak" hajviya guruhining vakili bilan suhbatda bo‘lganida, bu masala yuzasidan fikr bildirishni ular istamadi.
Shu bilan birga, Madaniyat vazirligi hajviya, satira, askiya borasida san’at va ijodni chegaralamaslikni ma’qullaydi. Yillar davomida hajviya orqali jamiyatdagi muammo va illatlarni yo‘q qilishga qaratilgan, bu yo‘l orqali turli soha yo‘nalishlarini isloh qilishga ham ko‘maklashilgan. Bu xuddi jurnalist va blogerlarning bir muammoni olib chiqib, uning hal etilishiga qaratilgan mavzularga o‘xshaydi. Shunday ekan, unda nima uchun bu hazillar o‘rinli qabul qilinmaydi, degan savollar ham yo‘q emas.
Agar hajviya biron bir shaxsga tegishli bo‘lib, uning kamsitilishiga qaratilgan bo‘lsa, Madaniyat vazirligi bunday ijodlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Zero, xoh hajviya, xoh drama, askiya hamda satira orqali jamiyatdagi illatlarni da’volashga qaratilgan mavzular yoki voqealar namoyon etilsa, uni hech narsa bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.
Tarixga bir nazar solsak, o‘zbek hajviy adabiyoti sermazmun tarixga ega. Hajv, satira-voqelikni aks ettirishning alohida g‘oyaviy-badiiy prinsipi sifatida barcha sivilizatsiyalashgan xalqlar adabiyoti, shu jumladan, o‘zbek xalqining ham og‘zaki va yozma ijodlarida qadimdan katta o‘rin olib kelgan. Ijtimoiy illatlarning kulgili tanqidi bo‘lgan satira o‘zbek xalq ijodida ham keng tarqalgan edi. Nasriddin afandi, Aldar ko‘sa kabi to‘qima obrazlar hajviy, milliy qahramonlar o‘z zamonasining illatlarini xalq orasida askiyalar va hajviyalar bilan namoyish etishgan. Qadimdan xalqning ichida hajviya, satira, askiya kabi yumoristik ijodlar keng tarqalib, ommalashgan.
Xullas, madaniyat va san’at sohasida cheklovlar qo‘yilsa, u hech qachon rivojlanmaydi, deyilgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati bayonotida.