MAGATE: 3 oy ichida Eronda yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari 29 foizga oshgan. Eron yadroviy kelishuvi holati qanday?
MAGATE hisobotiga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari 29 foizga oshgan va Tehron yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarish quvvatini sezilarli darajada kengaytirish uchun poydevor qo‘yishda davom etmoqda, deb xabar berdi Bloomberg.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha Eronda 55,6 kilogramm 60 foiz boyitilgan uran to‘plangan.
Bundan tashqari, hisobotda aytilishicha, agentlikning Eron yadroviy inshootlari ustidan nazorati bo‘yicha hal qilinmagan masalalarda hamkorlik qilmayotganidan va “muammoni hal qilishda hech qanday taraqqiyot yo‘qligidan MAGATE bosh direktori Rafael Grossi xavotirda.
MAGATE hisoboti Eron atom kelishuvini (BKHR) tiklash bo‘yicha davom etayotgan muzokaralar fonida chop etildi.
Sentyabr boshida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrel Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokara ishtirokchilarining pozitsiyalari turlicha ekanligini ma’lum qilgandi.
Eron yadroviy kelishuvi holati
AQShning avvalgi prezidenti Donald Tramp 2018 yilda Qo‘shma Shtatlarni BKHRdan bir tomonlama chiqarib tashladi va Eronga qarshi sanksiyalar, jumladan, neft sektoriga qarshi sanksiyalarni qayta joriy qildi. Bu esa Tehronni kelishuvning ayrim shartlarini bosqichma-bosqich bekor qilishga undadi. AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’lum shartlar ostida kelishuvga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi.
Eron, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Fransiya va Rossiya Venada BKHRni tiklash bo‘yicha bir necha muzokaralar o‘tkazdi. Qo‘shma Shtatlar ularda bevosita ishtirok etmaydi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi vakillari kelishuvning “yakuniy matni”ni taqdim etgan edi, biroq Eron uning ayrim elementlaridan xavotir bildirdi, AQSh ham o‘z qarshi takliflarini aytdi. Yevropa Ittifoqida Bryussel tomonidan BKHRni qayta tiklash bo‘yicha taklif qilingan kelishuv loyihasiga Eronning munosabati ijobiy qabul qilindi.
Biroq, Politico portalining xabar berishicha, BKHRni tiklash bo‘yicha muzokaralarda Tehronning G‘arb ishtirokchilari takliflariga javobi Vashingtonda Vashingtonda salbiy qabul qilingan.