Magistral suv tarmog‘idagi avariya yuzasidan munosabat bildirildi

Avvalroq Samarqand shahrini suv bilan ta’minlayotgan asosiy magistral suv quvurlaridan biri teshilgani tufayli ayrim ko‘chalarni suv bosgani, yigirmadan ortiq ko‘cha va ularda joylashgan mahallalarda ichimlik suv ta’minoti vaqtincha to‘xtab qolgani haqida xabar tarqalgandi.

"Samarqand suv ta’minoti" AJ  Axborot xizmati xabariga ko‘ra, Cho‘pon ota suv inshootidan kelayotgan diametri 1000 mm lik katta bosimdagi markaziy suv quvurida favqulodda nosozlik yuzaga kelgan. Hozirgi vaqtda avariyani bartaraf etish uchun texnika, xodimlar jalb qilinib, ikki smenada tarmoqni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu magistral suv quvuri o‘tgan asrning 80 yillarida qurilgan bo‘lib, bugungi kunda shahar aholisining katta qismiga suv yetkazib beradi.

Shaharning tarmoqdan uzilgan hududlarida grafik asosida maxsus texnikalar orqali aholiga ichimlik suvi yetkazib berilayotgani ma’lum qilindi.