Mahalla raisligiga el ishongan inson saylanadi
Jamiyat ravnaqida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik, mahalla raisi faoliyatining ayrim tashkiliy-huquqiy asoslari yuzasidan viloyat mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Badriddin NASRIYeV bilan suhbatlashdik.
- Bu yilgi mahalla raisi (oqsoqoli) saylovining o‘tgan saylovlardan farqi nimada?
- Avvalo, mazkur saylov 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonun asosida o‘tkazilishi bilan ahamiyatli. Ilgari fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 2,5 yil qilib belgilangan bo‘lsa, yangi qonun bo‘yicha uch yil bo‘ldi. Bu esa mahalla raislarining samarali faoliyati uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Bundan tashqari, saylovlarda ko‘pchilikning ishtirok etishini ta’minlash maqsadida saylov o‘tkazilayotgan hudud - hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilab berildi. Ya’ni, ushbu norma saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 12 foizidan kam bo‘lmasligi lozim. Bunday holatda fuqarolar yig‘inida yashovchi o‘rtacha 2 ming nafar saylovchi nomidan 240 nafar vakil saylovda ishtirok etishi lozim.
Shuningdek, fuqarolar vakillariga ham talablar o‘rnatildi. Endi tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega kishilar vakil bo‘lishadi. Rais lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlar yoki ularning yaqin qarindoshlari vakil bo‘lishi mumkin emas. Albatta, bu tizimning yo‘lga qo‘yilgani saylovning yanada shaffof, demokratik qoidalarga mos ravishda o‘tishini ta’minlaydi.
Keyingi o‘zgarishlardan yana biri saylovda faqat fuqarolar yig‘ini raisi saylanadi. Oldingi amaliyotda tartibga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi va maslahatchisi bir vaqtda saylanardi.
Yangi qonunga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tgandan keyin bir oy ichida maslahatchilar saylanadi hamda komissiyalar shakllantiriladi.
Yana bir o‘zgarish - mahalla raisi yashirin ovoz berish orqali saylanadi.
- Saylovga tayyorgarlik jarayoni qanday kechmoqda?
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq saylov 3 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi, tayyorgarlik bosqichida fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar ko‘riladi. Ikkinchi, asosiy bosqichda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish, saylov yakunlarini chiqarish, OAVda e’lon qilish hisoblanadi. Uchinchi bosqichda esa fuqarolar yig‘ini organlarini shakllantirish, raislarini o‘qitish, ularning innovatsion va axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlarini oshirish kerak bo‘ladi.
Shu kunlarda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun viloyat, tuman va shahar komissiyalari tuzib bo‘lindi va ular birinchi bosqich bo‘yicha o‘z faoliyatini boshladi.
- Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish qanday tartibda amalga oshiriladi va kimlar rais bo‘lishi mumkin?
- Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
"Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida"gi qonunning 17-moddasida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ko‘rsatilayotgan nomzodlarga talablar qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ko‘rsatilgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish hamda hayotiy tajribaga, aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
- Kimlar mazkur lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi?
- Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek, sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.
- Saylov yakunlarini chiqarish tartibi qanday?
- Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.
Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) saylov yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bu qaror fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) raislik qiluvchi tomonidan o‘qib eshittiriladi. Fuqarolar yig‘ini bayonnomasi ikki nusxada tuzilib, bir nusxasi saylov yakunlarini umumlashtirish uchun tegishli tuman va shahar komissiyasiga taqdim etiladi. Tegishli tuman va shahar komissiyalari fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi yakunlariga doir umumlashtirilgan ma’lumotlarni yuqori turuvchi komissiyaga topshiradi.
- Qaysi hollarda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topiladi?
- Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Saylov fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa ham saylov o‘tmagan hisoblanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi davomida yoki ovozlarni sanab chiqishda yo‘l qo‘yilgan va ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
- O‘tgan saylovdagi kamchiliklar hisobga olinsa, yangi qonunning ahamiyati qanchalik ko‘zga tashlanadi?
- Darhaqiqat, 2016 yil may-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida bir qator xato va kamchiliklar kuzatilgan. Joylarda tushuntirish ishlarining yaxshi tashkil etilmaganligi bois ayrim hududlarda qonun buzilishlari, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmaslik holatlari yuzaga kelgan. Ayrim mahalla raislari guruhbozlik, tanish-bilishchilik orqali, hududiy hokimliklarning kelishuvisiz o‘z nomzodlarini qo‘ygan. Natijada mahallada tartibsizlik, kelishmovchilik holatlari kuzatilgan. Joylarda tuzilgan ishchi guruhlarning yaxshi ishlamaganligi yoki yuzaki (mahalla oqsoqoli tomonidan) tuzilgan ishchi guruhlarining mas’uliyatsizligi, o‘z ishiga e’tiborsizligi sababli ko‘p mahallalarda saylovning adolatli tamoyillar asosida o‘tmaganligining guvohi bo‘lingan.
Bugun o‘tgan saylov natijalarini yana bir bor tahlil qilib, undan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda oldimizda turgan siyosiy jarayonni uyushqoqlik va qonun doirasida o‘tkazish masalasini belgilab oldik.
- Keyingi yillarda mahalla raislarining qonunga zid xatti-harakatlari haqida xabarlar tarqalmoqda. O‘tgan 2,5 yil mobaynida mahalla raislarining necha nafari, qanday sabablarga ko‘ra ishdan olindi?
- So‘nggi ikki yarim yil mobaynida 361 nafar mahalla raislari ishdan bo‘shatilganini nazarda tutadigan bo‘lsak, ularning 6 nafari vafot etgan, 42 nafari kasalligi tufayli, 33 nafari boshqa ishga o‘tganligi sabab, 250 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 7 nafari xizmat vazifasini suiiste’mol qilganligi tufayli, 23 nafari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tavsiyasiga asosan vazifalaridan ozod etilgan.
- Tuman va shahar hokimi yoki huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari tomonidan mahalla raisini o‘z vazifasidan ozod etish holatlari ham kuzatiladi. Umuman, oqsoqolni kim ishdan bo‘shatishga haqli?
- Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) mahalla fuqarolar yig‘ini vakillar yig‘ilishi qarori bilan vazifasidan ozod etiladi.
- Qaysiki tashkilot yoki muassasada shart-sharoit, moddiy manfaatdorlik yuqori darajada bo‘lsa, ish unumdorligi oshadi. Mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ayni holat sizni qoniqtiryaptimi?
- Bular o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatidagi eng og‘riqli masalalar sanaladi. Tan olishimiz joizki, aksariyat mahallalar faoliyati uchun qoniqarli sharoit to‘liq yaratilgan emas. Masalan, viloyatdagi mavjud 1087 ta mahallaning 141 tasining binosi yo‘q. Shu bilan birga ko‘pchilik mahalla fuqarolar yig‘inlari mebel jihozlari va orgtexnika vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan, borlari ham eskirib bo‘lgan.
Bugun mahalla raislarining oylik maoshlari ham kam. Bu ularni qanoatlantirmaydi. Ayni paytda mazkur masalalar hukumat darajasida ko‘rib chiqilyapti va ularga ijobiy yechim topilishi kutilmoqda.
Abdug‘ofur ShERXOLOV
suhbatlashdi.