Mahalla raislariga noqonuniy topshiriq ortidan Past Darg‘om tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i ishdan olindi
Bugun viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur masala muhokama qilingan va shu qarorga kelingan.
Muhokamada barcha rahbarlar yana bir bora qat’iy ogohlantirilib, Prezidentning 2023 yil 10 apreldagi qarori mazmun-mohiyati yana bir bora tushuntirilgan.
Gap shundaki, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Past Darg‘om tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Tohir Qosimov «Mening loyiham»ga ovoz berishda mahalla raislariga bosim o‘tkazgani haqda xabarlar tarqalgandi.
Xususan, Tohir Qosimovning “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida o‘zi tanlagan loyihalarga majburan ovoz berishni so‘rab mahalla raislariga yuborgan xabarlarining skrinshoti tarqaldi.
Unda mahalla raislari o‘zlarining tashabbusiga emas, Tohir Qosimov tanlagan loyihalarga majburan ovoz yig‘ishi, yo‘qsa bu talabni bajarmagan mahalla raislarining “pattasi olinishi” aytilgan.