Mahalla servis kompaniyalari nega ishlamayapti?

Yaqingacha hovli uylar joylashgan mahallalarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolarga hashar yoki yollanma ishchilar orqali yechim izlanardi. Bu uzoq muddatli, tizimli va samarali yechim emasligi ma’lum edi.

Shu bois o‘tgan yil mahallalarda “Mahalla servis kompaniyalari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu kompaniyalar mahallaning sanitariya holatini yaxshilash, ko‘chalar va ariqlarni tozalash, ko‘chat ekish va ularni parvarishlash, shuningdek, kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini shartnoma asosida amalga oshirishni o‘z zimmasiga oladi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’uli Shohruh Ahrorovning ma’lum qilishicha, viloyatdagi 16 tuman va shaharda shunday servis kompaniyalar tashkil etilgan va ular tajriba sifatida aholiga 24 turdagi xizmat ko‘rsatishni boshlagan.

Xo‘sh, bu tizim qanday samara beryapti? Jomboy tumanidagi Guliston mahallasi misolida savolga javob izladik.

– Mahallamiz tuman markazida joylashgan bo‘lib, 3350 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi mahalla raisi Jamshid Mirboboyev. – 726 xonadonning 578 tasi hovli uylardan iborat. Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari samarali faoliyat olib bormoqda. Ammo hovlilarda joylashgan xonadonlarda aholi kommunal va obodonlashtirish sohasida turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mahallamizda o‘tgan yil avgustda “Guliston mahalla servis kompaniyasi” tashkil etildi. Besh nafar xodim ishga qabul qilinib, zarur texnika va jihozlar bilan ta’minlandi. Bu kompaniya mahallada ish boshlasa, aholi xonadonlarida servis xizmatlari ko‘rsatish sifati oshadi, kommunal sohadagi muammolar ham hal etiladi, deb umid qilgandik. Ammo e’tibor bo‘lmasa, tashabbus ham to‘xtaydi. Xodimlarga maosh to‘lanmasligi oqibatida tashkilot faoliyati to‘rt oyga bormay to‘xtadi va o‘tgan yilning dekabr oyidan beri faoliyat ko‘rsatmayapti. 

“Guliston mahalla servis kompaniyasi” rahbari Shokirboy Do‘stovning ma’lum qilishicha, Prezidentimizning 2024 yil 25 iyundagi qaroriga asosan, mahallalarga jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan har oy 20 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi kerak edi. Shuningdek, servis kompaniyalar aholiga 20 dan ortiq pullik xizmatlar ko‘rsatishi belgilangan. Afsuski, tashkilot faqat avgust oyidagina ushbu mablag‘ni olgan va xodimlarga maosh to‘lanmagan.

– Kompaniyada ikki erkak, uch nafar ayol ishlardik, – deydi Baxtiyor Nasimov. – Avvaliga bir oy maosh oldik, aholiga shartnoma asosida pullik xizmat ham ko‘rsatdik. Lekin uch oylik maosh to‘lanmaganidan so‘ng hammamiz ishdan ketdik.

Viloyatdagi 15 tuman va shaharda tashkil etilgan boshqa mahalla servis kompaniyalarida ahvol qanday ekan? Ushbu kompaniya mahallalarda aholining turmush tarzini yengillashtirish, kommunal soha va obodonlashtirish ishlarini tizimlashtirish uchun muhim tashabbus edi-ku. Loyihaga amaliy jihatdan mablag‘ ajratilmasa, xodimlarga kafolatli maosh to‘lanmasa, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatli shaffof tashkil etilmasa, tashabbus qog‘ozda qolib ketaveradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.