Mahallada ishsizlik, kambag‘allikni qisqartirishga to‘liq erishilmadi. Hokim yordamchisi buni eplaydimi?

“Shu paytga qadar qanchadan-qancha “katta”lar mahallada ishsizlarning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga urinib ko‘rdi. Hammasi faqatgina qog‘ozda “a’lo darajada” bo‘ldi. Endi hokim yordamchisi nima qilib berardi?!”

Sir emas, joriy yilning yanvar oyida mahallalarda hokim yordamchilari faoliyat boshlagan paytda shu kabi gap-so‘zlar qulog‘imizga tez-tez chalindi. Ammo alohida ishonch bilan, tanlov asosida bu vazifaga qabul qilingan mas’ullarning aksariyati ishga vijdonan kirishib, bunday munosabatlarga barham bera boshladi. Buni Oqdaryo tumani "Temarak" mahallasidagi hokim yordamchisi Anvarjon Davronov faoliyati misolida ko‘rishimiz mumkin.

Shuncha muammolar bor ekan, bilmaganman...

Anvarjon Davronov 2018 yilda Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tamomlab, tuman markazida turli tashkilotlarda faoliyat olib bordi. Keyingi paytlarda Samarqand iqtisodiyot va servis institutining sirtqi bo‘limida o‘qish bilan birga Oqdaryo tumani investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlar edi.

- O‘zim tug‘ilib o‘sgan mahallada hokim yordamchisi bo‘lib ish boshlamagunimcha qishloqdoshlarimni qiynab kelayotgan ko‘pgina muammolar borligini bilmasdim, - deydi u. – Xatlov natijasida aniqlangan masalalarni hal etish qiyin emas, faqat mas’ullardan ozgina masu’liyat talab qilinarkan, xolos. Tuman hokimi rahbarligida mahalladagi 7 kilometrlik loy ko‘chalarga shag‘al yotqizish ishlaridan keyin, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga yordam ko‘rsata boshladik. Shu paytga qadar mahallada sovun ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ikkita mini-sex tashkil etildi. 10 ga yaqin issiqxona qurildi. 7 nafar fuqaroga “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida 20 million so‘mdan imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi.

Bir yilda bitmagan ish bir oyda hal etildi

Mullaxo‘ja qishlog‘ida yashovchi Malohat Tog‘ayeva ro‘zg‘or tebratishda turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashish maqsadida 6 sotixlik tomorqasida dehqonchilik qilardi. Ammo daromad ko‘ngildagidek emasdi. Issiqxona qurish esa uning ko‘p yillik orzusi edi.

- O‘tgan yili issiqxona qurish uchun kredit olaman deb rosa yugurdim, - deydi M.Tog‘ayeva. – Masalani hal qilolmadim. Mana bu yil hokim yordamchisi kelib, tomorqa imkoniyatlarimni, tadbirkorlikka qiziqishimni o‘rganib, yordam berdi. 20 million so‘m miqdorida 3 yillik imtiyozli kredit ajratilib, ikkita 3 sotixli issiqxona qurib berildi. Shu paytgacha bu ish bilan shug‘ullanishni boshlash qanchalar qiyin ekanligini bilardim. Ayrim ta’minotchilar qurilish ishlarini yillab cho‘zishardi. Bizda unday bo‘lmadi. Hokim yordamchisi ta’minotchining ham insoflisini topib keldi va boshida o‘zi turdi. Bir yilda bitmagan ishim, bir oyda hal etildi. Issiqxonamizning biriga pomidor ekdik, ikkinchisiga bodring ekmokchimiz. Bu ishdan umidim katta. Kreditni qaytarishni ham 3 yilgacha cho‘zib o‘tirmayman. Bir yilda qutulib, faoliyatimni kengaytirishga harakat qilaman.

Qulupnay gulga kirdi

Mahallaning yana bir fuqarosi Saidqul Toshev uzoq yillar duradgorlik bilan shug‘ullandi. Baland-baland imoratlarning tomlarini yopish bo‘yicha qo‘ligul ustalardan edi. Keyingi yillarda salomatligiga ta’sir ko‘rsata boshlagan ayrim kasalliklar tufayli bu hunar unga og‘irlik qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan birga tomorqasida issiqxona qurib, dehqonchilik qilishga bel bog‘ladi.

- Duradgorlikdan orttirgan pullarimni shinamgina issiqxona qurish uchun sarfladim, - deydi Saidqul aka. - Ammo mablag‘ yetmay ish chala qolgandi. Hokim yordamchisining ko‘magi bilan 20 million so‘mlik kredit ajratildi. Natijada qurilishi oxiriga yetmay qolgan issiqxonaning ustini yopish ishlari yakuniga yetkazildi. O‘tgan yili ekilib, ochiqda qolgan limon ko‘chatlarining bugungi kunda rivoji yaxshi. Ular orasiga rediska va qulupnay ekdim. Shu paytgacha rediskadan 3 million so‘m daromad qildim. Hali hosilning yarmidan ko‘pi turibdi. Qulupnaylar ham gulga kirdi. Ochiq yerdagiga qaraganda issiqxonada yetishtirilayotgan qulupnayimiz erta pishadi.

Hokim yordamchisi A.Davronovning ta’kidlashicha, 2022 yil yanvar holatiga mahallada 200 nafardan ortiq fuqaro ishsiz bo‘lgan. Bugungi kunda ularning 20 nafari doimiy, 160 nafari mavsumiy ish bilan band bo‘ldi. Yil yakuniga qadar mahallada ishsiz fuqaro, kambag‘al oila qolmaydi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).