Mahalladagi sayyor sud majlisida 10 nafar shaxs qamoqdan ozod qilindi
Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitovning bu galgi sayyor qabuli Samarqand shahar “Bog‘isaroy” mahallasida bo‘ldi.
Shahardagi Prezident Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qabulda 50 nafarga yaqin shaxsning murojaati tinglandi. Murojaatlarning asosiy qismini aliment, nikoh, uy-joy, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar tashkil etdi. Har bir murojaat alohida o‘rganib chiqildi va qonun doirasida ijobiy hal qilindi.
Shuningdek, qabulda sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan mahkumlar qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi, jazodan tegishli xulosa chiqarganligini aytib, jazoni yengillashtirishni, ozod etishni so‘rab murojaat qildi.
Shu yerning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, har bir holat alohida-alohida ko‘rib chiqildi. Jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan 10 nafar shaxs tegishli xulosa chiqarganligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan qamoqdan ozod qilindi.
Bundan tashqari, 13 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, 26 nafar shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 11-bandiga asosan javobgarlikdan ozod qilindi. Bir nafar shaxs yarashganligi munosabati bilan uning jinoyat ishi harakatdan tugatildi.