Mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi: V2V muzokaralar, kelishuvlar, shartnomalar va taqdimotdan Startup‘gacha

Samarqand pedagogika va servis kollejida viloyat hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu yarmarka Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘tkazilmoqda.

Uch kun davom etadigan tadbirda viloyatimizdagi 200 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari, hunarmand va tadbirkorlar qatnashayotgan bo‘lsa, ularning 25 ga yaqini bu kabi yirik ko‘rgazmalarda ilk bor ishtirok etmoqda. Ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan xalqaro standartlarga mos ming turdan ziyod import o‘rnini bosuvchi tovar, xizmatlar, yangi o‘zlashtirilgan hamda ishlab chiqarishi rejalashtirilgan mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan ishtirok etishmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, xalq iste’moli mollari, ip-kalava va tekstil, gilam  mahsulotlari, tibbiyot, sport, mebel  jihozlari, qurilish tovarlari, o‘quv laboratoriya, lak-bo‘yoq mahsulotlari, sovutgich va muzlatkichlar ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otyapti.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, viloyatimizning hududiy import hajmi o‘tgan yili 751,7 million dollarni tashkil etib, 2018 yil bilan solishtirganda 168,6 million dollarga, ya’ni 28,9 foizga ortgan. Undan 108,1 million dollarlik o‘xshash, ya’ni o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Viloyatda import hajmini kamaytirish va eksportni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va mahsulotlar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada birgina avtomobilsozlik korxonalari tomonidan 600 dan ziyod butlovchi buyumlar va qo‘shimcha qismlarni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar ishlab chiqarishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, V2V shaklida muzokaralar, kelishuvlar, shartnomalar, trening, taqdimot, Startup, yangi hamkorlar, yangi mahsulotlar va yangi imkoniyatlar yaratish uchun ham yarmarka juda samarali hisoblanadi.

- Korxonamizda 18 xil qurilish materiali, qorishmalar va buyoqlar ishlab chiqarib, asosan ichki bozorga sotyapmiz, - deydi Samarqand tumanidagi “SAM MAXIMUM” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Baxtiyor Hamidov. – Turkiyada malaka oshirgan ustalarimiz ishlab chiqarish uskunalarini o‘zlari yasashdi va 2017 yilda 5 nafar ishchi bilan korxonani tashkil etdik. Hozirgacha Qirg‘iziston, Tojikistonda mahsulotlarimiz ko‘rgazmasini o‘tkazdik. Ammo respublikamizda o‘tkazilayotgan bu kabi yirik ko‘rgazmada birinchi qatnashishimiz bo‘lishiga qaramasdan, yarmarkaning dastlabki bir soatida mahsulotimiz xaridi borasida ikkita yirik kelishuvga erishdik.

Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya yarmarkasida viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).