Makron Ukrainani qutqargan “qahramon”ga aylanmoqchi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 10 apreldagi prezident saylovlari oldidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarda katta muvaffaqiyatga erishmoqchi va Ukrainani Rossiya bosqinidan qutqargan «qahramon» bo‘lmoqchi. Bu haqda Politiko gazetasi yozmoqda.
Rossiya va Fransiya prezidentlari bugun, 7 fevral kuni Kremlda uchrashadi. Vladimir Putin va Emmanuel Makron, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi uchun xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qiladi. Tashrif arafasida Makron Fransiya OAVlariga bergan intervyusida Rossiya bilan muloqotsiz xalqaro vaziyatni normallashtirish mumkin emasligiga ishonch bildirdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Fransiya prezidenti Moskvada deeskalatsiya javobini olishga umid qilmoqda. Uchrashuv arafasida u AQSh prezidenti Jo Bayden bilan Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilgan edi.
«Makron rossiyalik hamkasbi bilan tinchlik bitimi tuza oladigan, o‘zini jahon yetakchisi deb atagan holda “xiyla-nayrang ishlatmoqchi” chog‘i. Agar u muvaffaqiyatga erishsa, Ukrainaga hujumning oldini olgan «qahramon»ga aylanishi turgan gap. Bularning barchasi esa bahorda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ayni muddao bo‘ladi», deb ta’kidlaydi gazeta.
“Tashqi siyosat bilan saylovlarda g‘alaba qozona olmaysiz, biroq bu Emmanuel Makronning xalqaro davlat arbobi sifatidagi mavqeini eslatib turadi va unga saylovoldi tashviqoti boshlanishidan oldin Fransiyaning xalqaro maydonda mavjudligini ta’minlashning uddasidan chiqishini ko‘rsatgan holda qolgan nomzodlardan ajralib turishga imkon beradi", - deydi xalqaro munosabatlar eksperti Siril Bret.
Shu bilan birga, Makron go‘yo G‘arb davlatlari Rossiya bilan murosa qilishiga to‘g‘ri kelishiga shama qilmoqda. Biroq, NATO a’zolari Rossiya Federatsiyasi faqat kuch ko‘rsatish va Ukraina hududida qurol-yarog‘ni oshirgan taqdirdagina orqaga chekinishiga ishonishadi.
Bir kun avval NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg va Emmanuel Makron Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegaralari yaqinida to‘planishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan edi. Stoltenbergning ta’kidlashicha, NATO birligi hozirgi ziddiyatli daqiqada muhim ahamiyatga ega.