Maktab bitiruvchilari olgan 6 yillik baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi

Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, bu — Prezident topshirig‘i va farmon loyihasida o‘z aksini topadi.

«O‘quvchi maktabda 11 yil o‘qiyapti, lekin taqdiri bir kunda hal bo‘lyapti. Balki o‘sha kuni kasal bo‘lgandir, balki yaxshi uxlamagandir. Shu bois Prezidentimiz bu bo‘yicha topshiriq bergan, o‘quvchilarning maktabda olgan baholari, ya’ni oxirgi olti yillik natijalari inobatga olinadi”.

Qayd etilishicha, 7-sinf bitiruvchilarini professional tashxislash orqali kasbiy moyilligi aniqlanadi. Umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun kichik mutaxassisliklar bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil qilinadi, maktab bitiruvchilari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kasb va lavozimlar belgilanadi.