Maktab ishi – xalq ishi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining saksoninchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan sessiyada deputatlar bilan birga kun tartibidagi masalalarga aloqador idora va tashkilotlar mas’ullari, ta’lim sohasi rahbar va xodimlari ham ishtirok etdi.

Sessiyada 2022 yil 29 dekabr kuni davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ishtirokida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusida o‘qituvchi-murabbiylar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.

– Uchrashuvda maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, muassasalardagi sharoitni yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimiz biri bo‘lishi belgilab berildi, – dedi E.Turdimov. – Buning uchun davlat tomonidan nimaiki zarur bo‘lsa, barchasi ta’minlanadi. Mahalliy byudjetdan ham sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘ miqdori bu yil har yilgidan ancha ko‘p bo‘ladi. Shu kunga qadar maktab o‘z masalalarini o‘zi yechadi, degan qarash hukmron bo‘lgan. Kuchlar, fikrlarning birlashmasligi xatoligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Mahalla, xotin-qizlar, yoshlar faollari ta’lim tizimi muammolarini birgalikda hal etib, ta’lim taraqqiyotiga erishishda hamkorlik qilishlari zarur.

Uchrashuvda belgilangan vazifalar, mamlakat taqdiri bilan bog‘liqligi yurtimizdagi har bir o‘qituvchi, ota-ona bundan xabardor bo‘lishi, mas’uliyatni his etishi kerak.

Bizda bolaning bilim olishida ota-onalarning mas’uliyati deyarli sezilmaydi. Ota-ona bozor iqtisodiyotini ro‘kach qilmay, nuqul moddiy manfaat ortidan quvmay o‘z farzandining tarbiyasi va bilim olishi bilan ham jiddiy shug‘ullanishi shart.

Muallimni ayblash oson bo‘lib qoldi. Buning aksi bo‘lishi, har bir ota-ona bilan maktab o‘rtasida shartnoma imzolanishi, ushbu shartnomada ota-onaning bolaga tarbiya berish va bilim olishi uchun sharoit yaratish borasidagi majburiyatlari alohida belgilab qo‘yilishi kerak.

Har bir bolaga individual yondashish, uning iste’dodini ro‘yobga chiqarishga harakat qilishimiz lozim. Bunga nafaqat maktab, balki butun jamiyat mas’ul.

Ota-onalar maktabga borishi, farzandi ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak. Buni faqat o‘qituvchi zimmasiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi.

– Maktab ta’limi sohasidagi bugungi islohotlar zamirida o‘qituvchini ulug‘lash masalasi ham turibdi, - dedi viloyat hokimi. - Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta’lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur. O‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.

Sessiyada Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, viloyat Kengashi deputati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Zaynab Berdiyeva, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Natalya Petrova, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov, Samarqand shahar Kattaariq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mehriddin Oripov va boshqalar so‘zga chiqib, masala yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Atroflicha muhokamadan so‘ng davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida viloyatda ta’lim sifatini oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish yuzasidan qaror qabul qilindi.

– Maktablarda millatimizning ertangi kuni ulg‘ayayotganligini unutmasligimiz kerak. Maktab ishi butun xalq ishi ekanligini anglab yetmog‘imiz zarur, ya’ni ta’lim sifatini oshirish faqatgina pedagoglarning ishi emas, shu jamiyatda yashayotgan barchamizning vazifamizdir, - dedi E.Turdimov.

Sessiyada Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.