Maktab o‘quvchilari fanlar bo‘yicha respublika olimpiadasida o‘rin ololmadi. Samarqand viloyat halq ta’limi boshqarmasi nima deb izoh berdi?

Uzoq yillar davomida 11 yillik ta’limning bo‘lmagani, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchi kurslarida 12 yillik ta’lim bo‘lganligi fan olimpiadalari natijalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Qolaversa, birinchi navbatda o‘quvchilarimizning bunday past ko‘rsatgichni qo‘lga kiritishida o‘zimiz aybdormiz. Olimpiadada qatnashadigan yoshlar bilan mustaqil ishlashda biroz e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yildi. Kelgusida o‘tkaziladigan fan olimpiadalariga mukammal tayyorgarlik ko‘rish, bundanda iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni ilg‘or tajribali o‘qituvchilarga biriktirish masalalariga kelishib olindi va bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, past natijaning yana bir sababi shundaki, olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2009 yil 1 maydagi “Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadalarini o‘tkazish va xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini tanlash to‘g‘risidagi nizom” asosida tashkil etildi. Biroq 2019 yil 29 may kuni nizomning 10 bandi, ya’ni baholash mezoniga o‘zgartirish kiritildi. Unda yozma ish uchun ham 50 ball, test sinovlari uchun ham 50 ball emas, balki yozma ishga 30 va test sinoviga 70 ball etib belgilandi. Shu bois ham yigit-qizlarning to‘plagan ballari keskin tushib ketdi. Negaki, yoshlar ko‘proq yozma ishga tayyorlangan edi.

Buning asosi sifatida yoshlarning 30 ballik yozma ishdan to‘plagan ballarini keltiramiz.

Jumladan:

Samarqand tumanidagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Nushoba Safarboyeva tojik tili fanidan 29 ball;

Samarqand shahar 43-IDUM o‘quvchisi Nafisa Davronova nemis tili fanidan 26 ball;

Samarqand shahridagi 51-IDUM o‘quvchilari Hilola Rasulova va Daniel Ovsyannikov nemis tili fanidan 25 ball;

Bunday natijalar yomon emas, albatta, ammo o‘quvchilarimiz uchun 40 tadan 5-10 tacha yopiq test sinovlarining berilishi ularning chalg‘ishiga olib keldi. Shunday bo‘lsa-da, nomlari keltirilgan va yana ko‘plab o‘quvchilarimiz 80 balldan (o‘tish 76 ball) yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritdi.

O‘ylaymizki, keyingi olimpiadalarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlari eng yuqori ballarni qo‘lga kiritadi.