Maktablarda sinf rahbarlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar miqdori oshirildi
“O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga asosan umumta’lim muassasalarida sinf rahbarligi yuklatilgan pedagog xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020 yil 1 noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar 1,5 baravarga oshirilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi axborotiga ko‘ra, sinf rahbarligi uchun qo‘shimcha to‘lovlar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan quyidagi foizlar hisobida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, jumladan:
➖ 15 nafar o‘quvchigacha – 26,4 foiz (179 343 so‘m);
➖ 16 nafardan 20 nafar o‘quvchigacha – 31,6 foiz (214 668 so‘m);
➖ 21 nafardan 25 nafar o‘quvchigacha – 36,9 foiz (250 673 so‘m);
➖ 26 nafardan 30 nafar o‘quvchigacha – 42,1 foiz (285 998 so‘m);
➖ 31 nafar va undan ko‘p o‘quvchi bo‘lganda – 52,8 foiz (358 686 so‘m) tashkil etadi.
Shuningdek, endilikda mazkur to‘lovlar umumta’lim maktablari bilan birgalikda barcha tip va nomdagi maktab-internatlarida ham amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun: avval joylarda ushbu umumta’lim muassasalarida pedagog xodimlarga sinf rahbarligi belgilangan bo‘lsa-da, qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilmasdan kelingan.