Malayziyaliklar Samarqand haqida film ishlamoqchi

Yaqinda Samarqandga kelgan Malayziya milliy teleradiokompaniyasi direktori Aqula Emas xalqimizning milliy urf-odatlari, madaniyati hamda sayyohlik salohiyatini o‘rgangandi.

Janob Aqula rahbarlik qilayotgan “Radio Televisyen Malaysia – RTM” davlat teleradiokompaniyasi «O‘zbekkino» milliy agentligi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlarining sayyohlik dasturlariga muvofiq «GLOB» nomli loyiha tayyorlashni rejalashtirgan. Mazkur film har biri 30 daqiqadan bo‘lgan 13 seriyadan iborat bo‘ladi. Filmning bitta seriyasi malayziyalik teletomoshabinlarni Samarqand sayyohlik salohiyatiga, jumladan, o‘zbek xalqining qadim tarixi, madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishtiradi.

Joriy yilning iyun oyida suratga olinishi kutilayotgan film Malayziyaning milliy kanallarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur RTM - yirik davlat teleradiokompaniyasi bo‘lib, o‘z tarkibiga 36 ta radio va 3 ta televizion kanallarni birlashtirgan.