Marhum ayol Iroq parlamenti deputati etib saylandi
Iroqda muddatidan oldin o‘tkazilgan parlament saylovlarida ovoz berish natijalariga ko‘ra, yoz oxirida koronavirusdan vafot etgan bag‘dodlik Ansam Manuel xalq deputati bo‘ldi. Bu haqda Al Arabiya telekanali ma’lum qildi.
Siyosatchi poytaxt tumanidan mustaqil nomzod sifatida qatnashgan edi. Unga 2397 saylovchi ovoz bergan.
Ammo ma’lum bo‘lishicha, yozda u koronavirus bilan kasallanib, kasalxonada bir oydan ko‘proq kurashgan va avgust oyi oxirida kasallik asoratlari tufayli vafot etgan.
Texnik sabablarga ko‘ra, marhumning ismi byulletenlardan olib tashlanmagan va ko‘plab saylovchilar unga ovoz berishgan. Endi qoidalarga ko‘ra, marhum deputatdan qo‘lga kiritilgan ovozlar bo‘yicha keyingi nomzod Iroq parlamentida o‘rin egallaydi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktyabr, o‘tgan yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida 97 ayol g‘olib bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyining boshlarida Qatarda ham parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Kengashdagi 30 o‘rin uchun 233 nomzod, jumladan, 26 ayol kurashdi. Biroq ularning hech biri yetarlicha ovoz to‘play olmadi.