Markazdagi ma’rifiy suhbatlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishib, bu yerni har bir yurtdoshimiz ziyorat qilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan edi.

O‘tgan bir oy davomida markazga 3 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh keldi. Ayni paytda sayyohlar safi kun sayin ortib bormoqda.

Kuni kecha Samarqand davlat chet tillari institutining tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti arab tili yo‘nalishi o‘qituvchilari va talabalari markaz mehmoni bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdi. Shundan so‘ng, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Imom Buxoriyning markaz muzey fondidan joy olgan “Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qo‘lyozma nusxasi va buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlarining nusxalari ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Markaz konferensiya zalida “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi ostida “Yuksak ma’naviyatli avlod hech qachon yo‘ldan adashmaydi” mavzusida davra suhbati hamda markaz ilmiy xodimlari tomonidan nashr etilgan  kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Markaz direktorining ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Umarov so‘zga chiqib, mazkur dargohning tashkil etilishi, faoliyati, vazifa va maqsadlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

– Davlatimiz rahbarining topshiriqlari va markaz oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha ilmiy xodimlarimiz tomonidan “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Odoblar xazinasi”, “O‘rta asr sharq allomalari ensiklopediyasi”, “Abdulhamid Keshiy hayoti va ijodi”, “Haqiqat niqobidagi yolg‘on”, “IShIDning botil g‘oyalari va ularga raddiyalar” kabi yigirmaga yaqin kitoblar nashr qilindi, – dedi markaz nashrlar bo‘limi boshlig‘i Otabek Muhammadiyev. – Bugungi kunda Imom Buxoriy bobomizning uchta – “Birrul volidayn” (Ota-onaga yaxshilik qilish), “Xolq af’ol al-ibod” (Bandalar fe’llarining yaratilishi) va “Sulosiyotul Buxoriy” (“Sahihul Buxoriy” asaridagi sanadi uch roviyli hadislar) kitoblari tarjima qilinib, tahrir ishlari olib borilmoqda. “Imom Buxoriy hayoti”, “Muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-albomi, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Ibrohim Saffor Buxoriy hayoti va ilmiy merosi” kabi kitoblar nashrga tayyorlanmoqda.

Bu kitoblarni o‘qigan kishilar, ayniqsa, yoshlar hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi va ularda turli axborot xurujlariga nisbatan sog‘lom mafkuraviy immunitet hosil bo‘ladi.

Zohir YUSUPOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi kichik ilmiy xodimi.