Markaziy Osiyoda yagona loyiha - 37 million 100 ming yevro miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan

Samarqand shahridagi chiqindilarni zamonaviy boshqarish va qayta ishlash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligining loyihasi asosida muhim amaliy ishlar bajarilmoqda. Bu boradagi ishlar Fransiya taraqqiyot agentligining "Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish" loyihasi doirasida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan ushbu loyiha shahar aholisi turmush sharoitini yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, ayniqsa, suv resurslarini asrab-avaylash, chiqindilarni yig‘ishdan qayta ishlashgacha va innovatsion yechimlar yordamida zararsizlantirishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga oladi hamda chiqindilarni kompleks boshqarishni nazarda tutadi.
Buning uchun Fransiya taraqqiyot agentligi "Maroqand Obod" davlat unitar korxonasiga 20 yil muddatga 37 million 100 ming yevro miqdorida kredit mablag‘i ajratgan. 2018 yilning sentyabridan boshlab bu mablag‘ 50-100 ming yevrodan korxona hisobiga tusha boshladi.
Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida uzluksiz ish tizimi joriy etilgan. Tender asosida 80 ta maxsus yangi texnika xaridi uchun buyurtma berilgan. Bu texnikalar mart oyining oxirigacha yetkaziladi. Korxona mahalliy byudjet hisobidan "SamAvto" zavodidan qo‘shimcha yana 10 ta texnika oldi.