Mashina “lyuki”da yarim yalang‘och holda raqsga tushgan qizlar qidirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarda harakatlanib ketayotgan “Lacetti” rusumli avtomobil “lyuki”dan chiqqan holda ikki nafar yengil kiyingan qizlar raqsga tushayotganliklari aks etgan.

Toshkent shahri IIBBning ma’lum qilishicha, ushbu holat 2020 yilning 26 fevral kuniga o‘tar tunda sodir bo‘lgan va shu kunning o‘zida Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan.

Aniqlanishicha, “Lacetti” rusumli avtomobil haydovchisi, 23 yoshli J.B. Yunusobod tumani, Istiqlol ko‘chasidan harakatlanayotganda ikki nafar yo‘lovchilariga xavfli tarzda “lyuk”dan chiqishlariga yo‘l qo‘ygan. Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq bayonnoma tuzilgan.

IIBB xabarida yozilishicha, “transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarish, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.

“Keyinchalik haydovchining ma’lum qilishicha, u notanish qizlarni manzillariga olib borib qo‘yish uchun yo‘ldan mindirgan. Qoidabuzarlikning bevosita ishtirokchilari hozirgi vaqtda aniqlanmoqda. Ularga nisbatan ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga (mayda bezorilik) muvofiq chora ko‘rilishi ko‘zda tutilmoqda”, deyiladi mazkur xabarda.

Mazkur moddaga ko‘ra, “jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.”

Shuningdek, tekshiruv davomida avtomobilga amaldagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tilgan holda o‘zgartirish kiritilgani aniqlandi (o‘zgartirish kiritish uchun IIV YHXBB ruxsati yo‘q). Shu munosabat bilan  “Lacetti” O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq jarima maydonchasiga joylandi.