O‘zbek ayolining har bir libosida uning nafosati aks etadi

Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati, milliy liboslarimiz, an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan “Nafosat – 2020” festivali o‘tkazildi.

Unda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 15 ga yaqin dizaynerlar liboslar kolleksiyasini namoyish etdi.

- “Tadbirkor ayol” uyushmasida 20 yaqin tikuvchi-dizeynarlar faoliyat yuritsa, ularning yarmi yoshlardan iborat, - deydi “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. – Ularning dunyoqarashi, yangilikka intiluvchanligi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi bugun tadbirkor sifatida ham ko‘plab yutuqlarga erishishiga zamin yaratyapti. Bugun festivalda dizeynerlarimiz tomonidan yaratilgan kelinlar, oddiy o‘zbek ayolining, milliy an’anlarimiz uyg‘unlashtirilgan zamonaviy ayol obrazlarini ko‘rishimiz mumkin.

Festival doirasida “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening, “Samarqand milliy liboslari tarixi” modalar namoyishi, viloyat “Hunarmand” uyushmasi a’zolarining milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi, “Libos – millatning madaniyati belgisi va “ma’naviyat timsoli”, “Zamonaviy o‘zbek ayolining imiji”, “O‘zbek milliy modasi” mavzularida dizeyner, mutaxassis va yoshlar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi.

- Art-galereyamiz faoliyat yuritayotganiga 15 yil bo‘ldi, - deydi “Baxtli qushcha” art-galereyasi rahbari Yelena Ladik. – Korxonamizda 5 nafar dizeynerlar asosan tabiiy matolardan, qo‘l mehnati asosida liboslar yaratishga harakat qiladi. Har bir kompoziyasi ustida oylab ishlashga to‘g‘ri keladi. Ularning bosh kiyimidan tortib, poyabzallarigacha yaratilgan liboslarga uyg‘un bo‘lishiga katta ahamiyat beramiz. Bugungi liboslar jamlanmasi asosan karantin davrida dizeynerlarimiz tomonidan yaratildi. Biz o‘z ko‘rgazmamizni Riga, Latviya, Moskva kabi ko‘plab davlatlarda namoyish etdik.

“Nafosat – 2020” festivali ikki kun davom etadi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA,

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.