Masjitda o‘g‘irlik qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Muqaddam 5 marotaba sudlangan qo‘qonlik fuqaro Shamsiddin Mamatovga o‘z yurti torlik qilib qoldi. Sodir etgan jinoiy qilmishlari, ayniqsa, o‘g‘irligi uni otni qashqasidek elga tanitib qo‘ygandi. “Shamsi o‘g‘ri qamoqdan chiqibdi”, degan gapdan odamlar mol-mulkiga xushyorlikni bir qadar oshiradigan bo‘lishgan. Balki shu boisdir “Shamsi o‘g‘ri” yurt kezadigan bo‘lib qoldi. So‘nggi bor u jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan sudlangan edi...
Keyingi paytlarda Namangan ahli o‘rtasida ham “Masjidda o‘g‘irlik bo‘libdi”, degan gap-so‘z tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Bundan birov hayratlansa, birov jahllanardi, kimningdir esa aslo ishongisi kelmasdi. Ammo bu gapda jon bor edi. Dastlab Namangan shahar Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan “Mahdumi Eshon” jome masjidida sodir bo‘lgan o‘g‘irlikda Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan 850 000 so‘mlik velosiped yo‘qolgandi. Fuqaro Ismoil Yo‘ldoshevga tegishli bo‘lgan velosiped peshin namozi paytida masjid hovlisidan g‘oyib bo‘lgan.
Roppa-rosa bir oydan so‘ng shunday voqea shaharning “Mingchinor” mahallasida joylashgan “Abu-Yusuf” masjidida yuz berdi. Bu gal o‘g‘ri namozga kelgan fuqaro Muzaffar Mamadaliyevga tegishli, ichida 800 AQSh dolloriga teng “Ayfon-X” rusumli, shuningdek, 60 dollar turadigan bir dona «Samsung» rusumli telefon apparatlari, 80 dollar turadigan ovoz uzatgich, ikki dona plastik karta, 200 AQSh dollari hamda 100 000 so‘m pullari bo‘lgan kichik sumkachani qo‘lga kiritgandi. Xuddi shu kabi voqea yana 5 kungina o‘tgach, “Shayx Eshon” masjidida ham sodir bo‘ldi. Qarangki, o‘g‘ri bu gal yana velosiped o‘marishni uddaladi. Uning bahosi esa 1 300 000 so‘mga teng edi.
Bugun taraqqiyot asrida yashayapmiz. Shuningdek, tezkor guruhlar, huquqni muhofaza etuvchi idoralar vakillari faol. O‘g‘irlagan ashyolarini o‘z yurti bozorida osongina arzon garovga sotib maishatini qilib yurgan Sh.Mamatov bugun sud kursisida. Xavfli retsidivist, yoshi 40 dan oshsa-da, aqlini topolmagan bu shaxsning 1 nafar farzandi otasining qilmishini anglaydi. Go‘yo “O‘g‘irlik qilmang, dada!”, deganday mo‘ltirab qaraydi. Ammo o‘g‘ri ota yana bilganidan qolmaydi. Sud kursisida esa “Qilmishimdan pushaymonman, 1 nafar farzandim bor, iltimos yengillik beringlar”, deya ro‘kach qiladi.
Sud Sh.Mamatovning qilmishini munosib jazo bilan siyladi. U 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, Andijon shahar sudi tomonidan JKning 60-moddasi tartibida tayinlangan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo qattiq tartibli koloniyalarda o‘tattiriladi.
O‘ksik farzandini bag‘riga bosgan ona uning kelajagidan qayg‘ursa, beg‘ubor bola “dadamni sog‘inaman... endi nima qilaman”, deya yig‘i soladi.
Har qanday ko‘ngilga g‘ashlik soluvchi bu manzaradan faryodini ichiga yutgan mahkum esa o‘zini kechirolmaydi. Ammo nachora jinoyatga jazo muqarrar bo‘lganidek, bu qismatni uning o‘zi tanladi.
Akramjon ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.