“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etiladi
“Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–6310-son, 10.09.2021 yil) qabul qilindi.
Farmon bilan quyidagi hududlarda toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi:
- 2021 yil 1 oktyabrdan Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bojxona boshqarmalarida;
- 2022 yil 1 apreldan boshqa hududiy boshqarmalarda.
2021 yil 1 oktyabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilarining elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini masofaviy rasmiylashtiradi.
2021 yil 1 dekabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida:
➖ veterinariya va fitosanitariya organlarining hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali tekshiradi;
➖ veterinariya va fitosanitariya organlarining tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.
2022 yil 1 yanvardan:
ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari TIF ishtirokchisiga 3 ish kuni davomida qaytariladi;
bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi va ushbu muddatda foizlar undirilmaydi;
Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etiladi.
Laboratoriya Jahon bojxona tashkilotining “Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi” maqomini olish choralari ko‘riladi.
Laboratoriya nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi, deb xabar berdi Huquqiy axborot.