Matematika bo‘yicha «Qo‘qon olimpiadasi» g‘olibiga avtomobil beriladi
Qo‘qon universiteti rektorati iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika fanidan «Qo‘qon olimpiadasi»ni tashkil etdi.
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 469 nafar o‘quvchisi "Qo‘qon olimpiadasi"ning viloyat bosqichida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Dastlab viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, Qo‘qon universitetining akademik ishlar departamenti boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev o‘quvchilarga ushbu olimpiadaning mohiyati, bunday fan bellashuvlari kelgusida bilimdon yoshlar safini kengaytirishga xizmat qilishi, matematikadan bilimi yuqori bo‘lgan avlod bilan davlatimiz barcha jabhada yuqori natijalarga erishishi mumkinligini ta’kidladi.
«Qo‘qon olimpiadasi» umumta’lim maktablarining 5-11-sinflari, akademik litseylarning 1, 2-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga qarashli ta’lim muassasalari, nodavlat o‘quv dargohlarining 5-11-sinf o‘quvchilari ham qatnashishlari mumkin.
Respublika bosqichi esa Qo‘qon universitetida shu yilning 13-14 mart kunlari o‘tkaziladi. Yakunlovchi bosqichda Davlat test markazi javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 5 nafar o‘quvchi-nomzod tanlab olinadi.
Barcha guruh bo‘yicha birinchi o‘ntalik ro‘yxatidan joy olgan nomzodlarga Qo‘qon universitetida grant asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha «Investitsion vaucher» taqdim etiladi. Shuningdek, respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarga avtomobillar sovg‘a qilinadi.
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.