Matlyuba Xotamova “Hamshira – 2019” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi
Aholi salomatligini mustahkamlashda, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda birinchi tibbiy ko‘mak berishda hamshiralarning alohida o‘rni bor.
Samarqand shahridagi yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan “Hamshira – 2019” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi, ijtimoiy faolligi, tibbiyot sohasidagi ko‘nikmasi sinovdan o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan 14 nafar hamshira 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir hamshiraning tibbiyot muassasalaridagi faoliyatiga, o‘z kasbiga sadoqatiga, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega ekanligiga, bemorlarga shirinso‘zligiga alohida ahamiyat berildi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi hamshirasi Matlyuba Hotamova birinchi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining 3-bekati hamshirasi Maftuna Erboyeva ikkinchi hamda Samarqand shahar tibbiyot bo‘limi hamshirasi Mohira G‘aniyeva uchinchi o‘ringa munosib topildi.
Shuningdek, viloyatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator fidoyi tibbiyot xodimlari “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining turli nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlandi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.