Maxsus komissiya to‘ylarda odam sonini 30 kishidan oshirishni taqiqladi
Saylovchilarning savollaridan ma’lum bo‘lmoqdaki, odamlar 100-200 kishilik tadbirlarni o‘tkazish yo‘llarini izlashmoqda, deb yozmoqda O‘zbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov.
“30 tadan 5 marta yig‘sa nima bo‘ladi?", “Alohida uylarda o‘tadigan tadbirlarning hisobi birlashadimi?”, “Hovlimga 300 nafar odam sig‘adi, xavfsizlikni ta’minlayman, ruxsat bo‘ladimi?", “Mahalla raisi bilan nozirni ko‘ndirib, imi-jimida o‘tkazib olsak, kim e’tiroz qiladi?" va hokazo...
Uyingizga ko‘p odamni jamlash davlatga emas, avvalo o‘zingizga zarar:
Birinchidan, taklif etilganlarni sog‘lom ekanligi, ya’ni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;
Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;
Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz a’zolari ham bo‘ladi;
To‘rtinchidan, jarima to‘laysiz;
Arziydimi?
Qolaversa, masala virusda ham emas! To‘y nima o‘zi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni o‘qish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib bo‘linadi. Dasturxon - ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bog‘liq masaladir. Farzandlarini qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan ota-onalar sovg‘alarini, yosh oilaga madad bo‘lmoqchi bo‘lgan qondoshlar to‘yonalarini hammaga ko‘rsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq bo‘lmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obro‘ni ko‘z-ko‘z qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murg‘ak havaslari ko‘pkariga tashlangan uloqchadek chilparchin bo‘lib ketyapti. Yosh oila kimo‘zarchi ota-onalar “ko‘magida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolyapti. Soxta va befoyda e’tirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan bo‘lib qolyapti va birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketyapti.
Kim nima eksa shuni o‘radi. O‘zbek xalqi yuz yildan beri hech narsa o‘rmayapti. Ba’zi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning o‘rnimizga ham.
To‘y-ma’rakalardagi xo‘jako‘rsin raqobatdan bosh ko‘tarib, tarbiya, ilm-ma’rifat, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?
Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga to‘y qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.
O‘zbekistonni o‘zgartirish uchun o‘zimizni o‘zgartirishimiz kerak.