MChJ afzalmi yoki oilaviy korxona?

- Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qaysi qulay: MChJmi yoki oilaviy korxona? Ularning qaysi birida imtiyozlar ko‘proq?

Gavhar Majidova.

Savolga viloyat davlat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Akobir Shamsiyev javob beradi.

- Siz tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, tashkilotingizni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtingizda qaysi turdagi soliq to‘lovchisi bo‘lishni tanlash imkoniyatiga egasiz. Jumladan:

— aylanmadan olinadigan soliq (ish haqidan soliqlar, mol-mulk, yer va suv soliqlari);

— qo‘shilgan qiymat solig‘i (foyda solig‘i, ish haqidan soliqlar, mol-mulk, yer va suv soliqlari) turlari bor.

Bu holatda MChJ uchun ham, oilaviy korxona uchun ham istagan soliq turini tanlay olasiz. Faoliyat turidan kelib chiqib, ularga boshqa soliqlar belgilanishi mumkin.

Siz tadbirkorlik faoliyatini endi boshlayotganligingizni inobatga olib, oilaviy korxona tashkil etishni tavsiya qilamiz.

"Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, bu turdagi tadbirkorlik faoliyatini uyda amalga oshirishda joyni noturarga aylantirmasa ham bo‘ladi. Bundan tashqari, ular kommunal to‘lovlar (elektr energiyasi, suv, gaz)ni aholi uchun belgilangan stavkalarda to‘lashi mumkin.