Pulni “supurib” olayotgan qishloq
Supurgi sotib mashina yoki uy olsa bo‘ladimi? Agar uni xorijga eksport qilsa-chi? Supurgi tayyorlovchilarning qo‘l ostida o‘nlab odamlar ishlashini bilasizmi?
Bu faktlarga ishonish qiyin. Sababi, biz supurgichilarni mahallalarni oralab xaridor qidiradigan kosib sifatida tasavvur qilamiz. Ularning yashash tarzi, kasbi, daromadi, rejalari haqida deyarli hech nima bilmaymiz. Aslida esa...
Supurgichilar qishlog‘i bilan tanishuv
Payariq tumanining markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan To‘polos mahallasidamiz. Besh qishloqni o‘z ichiga olgan mahallada 4 ming 500 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Qiziq tomoni, butun viloyatga sotiladigan uy supurgilari shu yerda, aniqrog‘i, undagi Qozoqxo‘ja qishlog‘ining tadbirli aholisi tomonidan tayyorlanar ekan. 152 ta xonadon, ulardagi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholining deyarli barchasi supurgi biznesi bilan mashg‘ul.
Jarayon bilan tanishishdan oldin hududning o‘ziga xos jihatlari, aholining turmush tarzi, mashg‘ulotlariga qiziqdik. To‘polos mahallasidagi hokim yordamchisi Oybek Aliqulovning aytishicha, mahalla hududi dehqonchilik va chorvachilikka moslashgan ekan. Shu bois hududni rivojlantirish drayveri sifatida dehqonchilik belgilangan. Bu yerda asosan poliz ekinlari, xususan, mosh, loviya hamda pomidor yetishtiriladi.
- Bu aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga to‘siq bo‘la olmaydi, - deydi O.Aliqulov. - Misol uchun, o‘tgan yili 55 nafar fuqaroga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi, daromad keltiradigan ishni boshlab, o‘zini o‘zi band qilishi uchun 1 milliard 84 million so‘mga yaqin imtiyozli kredit ajratildi. Bu sarmoyaning asosiy qismi qishloqlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga yo‘naltirildi. Natijada hududlarda sartaroshxona, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo do‘konlarining soni ortib, aholining yashash sharoiti yaxshilandi.
Qozoqxo‘ja qishlog‘i bu borada peshqadam. Sababi, unda yuqorida tilga olingan daromad turlaridan tashqari, supurgi biznesi ham rivojlanmoqda. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilining amaliy ifodasini aynan shu yerda ko‘rish mumkin. E’tiborlisi, bu ish pala-partish, kimo‘zariga emas, qishloqdoshlarning uyushqoqligi bilan amalga oshirilar ekan. Ya’ni, supurgi uchun xomashyoni olib kelishdan tortib, uni tayyorlab sotishgacha bo‘lgan jarayondagi barcha yumushlar qishloq aholisi o‘rtasida taqsimlangan. Asosiysi, bundan hamma manfaatdor.
Ish konveyer usulida amalga oshiriladi
Hokim yordamchisi hamrohligida qishloqni oraladik. Ochig‘i, kirgan birinchi xonadonimizdayoq hayratimiz oshdi. Uyning yerto‘lasi hamda hovlisida xomashyo va yangi tayyorlangan supurgilarni saqlash uchun maxsus joy qilingan. Anchagina supurgi darvozaxonada taxlab qo‘yilgan. Shu birgina xonadonning o‘zida mingga yaqin tayyor supurgi bor edi.
Bizga peshvoz chiqqan Shahzod Jo‘rayev darvozaxonadagi supurgilar sotishga chiqarish uchun hozirlanganini aytdi. Qolganlari ham talabga qarab bir-ikki kunda bozorga chiqarilar ekan. Yuklar asosan erta tongdan olib ketilishi sababli biz ko‘rib turganimiz “xamir uchidan patir” bo‘lib chiqdi.
Asosiy ish jarayoni ketayotgan xonaga kirdik. Uzun zalda o‘nga yaqin erkak supurgi bog‘layapti. Ular orasida yoshlar, mo‘ysafidlar ham bor. Ortimizdan kirib kelgan odam o‘zini sotuvchi, deya tanishtirdi. Biz supurgini bir kishi tayyorlaydi, ham sotadi, deb tasavvur qilardik. Amalda esa jarayon konveyer usuliga o‘xshar ekan.
– Bir vaqtlar ota-bobolarimiz ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad bo‘ladi, deb supurgi bog‘lagan, - deydi Sh.Jo‘rayev. – Albatta, o‘shanda tayyorlangan supurgilarni o‘zlari, uyma-uy yurib sotishgan. Yillar o‘tib bu ish takomillashdi. Hozir qishlog‘imizdagi 20 ga yaqin xonadonda supurgi bog‘lansa, qolgan hamqishloqlarimiz shu xonadonlarda mehnat qilib, umumiy ishdan daromad oladi. Masalan, bizning uyda mavsum vaqtida 20 nafargacha odam supurgi bog‘laydi. Sotuvchilar alohida ishlaydi. Ular bizdan supurgini ulgurji narxlarda olib, joylarga tarqatadi.
So‘rab bilsak, sotuvchilar ham viloyatimizning hududlarini bo‘lib olgan ekan. Bu mahsulotning tezroq sotilishi va daromad adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi. Ahamiyatlisi, bugun sotuvchilar uyma-uy yurmaydi, balki supurgini o‘z avtoulovida joylardagi bozor, do‘konlarga yetkazadi, xolos. Mana sizga bozor iqtisodiyotining kuchi.
Xomashyo Afg‘onistondan import qilinadi
Diqqatimizni tortgan jihat – bu supurgi yasashda ishlatiladigan o‘simlikning boshqa viloyat, hatto davlatdan olib kelinishi bo‘ldi. Unumdor, sersuv yerlarimiz bo‘lsa, nega o‘zimizda ekilmaydi, degan savol bilan qishloq ahliga murojaat qildik.
– Supurgi asosan unumsiz yerlarda ekiladi, - deya tushuntirdi O.Aliqulov. – Boisi, undan ko‘p daromad qilinmaydi. Bizning mahalla, umuman, viloyatimizdagi yerlar unumli hisoblanadi. Unda ko‘proq daromad keltiradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hududimiz sersuv, namgarchilik bor. Supurgi esa nisbatan qurg‘oqchil joylarda yaxshi o‘sadi. Yashirmayman, uni o‘zimizda ham o‘stirishga harakat qildik, ammo sifati past bo‘ldi.
Qozoqxo‘jaliklarning aytishicha, shu kunlarda qishloqqa supurgi Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari, qizg‘ish ranglisi esa Afg‘onistondan keltirilayotgan ekan.
Daromad qancha bo‘lyapti?
Yana bir qiziq ma’lumot, qozoqxo‘jaliklar supurgi o‘simligini bog‘lamda emas, kilogramda hisoblab sotib olar ekan. Masalan, Sirdaryodan keltirilgan supurgi novdalarining bir kilogrami 16 ming so‘mdan olinibdi. 3 kilogram novdadan 4 ta supurgi chiqadi, deyishdi qishloqdagilar. Supurgi bog‘lanishini kuzatar ekanmiz, jarayonda ancha chiqit qolayotgani, ya’ni novdaning uzun va yo‘g‘on joylari kesib tashlanayotgani e’tiborimizni tortdi. Demak, uni kilogramda olish zarariga ishlar ekan-da, degan xayolga bordik.
– Supurgidan chiqit qolmaydi, - deya gap qo‘shdi hamrohlarimizdan biri hisob-kitobga berilib ketganimizni ko‘rib. – Kesilgan, singan novdalari tandirga o‘tin bo‘ladi. Ular o‘zimizdan ortmaydi, qolaversa, novvoy, somsapazlar ham tez-tez o‘tin olgani kelib turadi. Bundan tashqari, supurgining urug‘ini ham ajratib olamiz. U qo‘ylar uchun yem o‘rnida ishlatiladi. Xullas, bu ishdan zarar qilinmaydi.
Hisobli do‘st ayrilmas, deydi donolarimiz. Shu bois biz ham supurgi biznesidan qoladigan asosiy daromadni chamalashga harakat qildik. Xullas, xomcho‘timizga ko‘ra, uch kilogramm supurgi poyasidan chiqadigan to‘rtta tayyor supurgi 12 ming so‘mdan tushadi. Bu faqat xomashyoning narxi.
Supurgi bog‘lovchilarga kelsak, ularga bir dona bog‘langan supurgi uchun 2 ming 500 so‘mgacha pul berilar ekan. Ishining ustasi bir kunda 60 tagacha supurgi bog‘laydi. Demak, uning bir kunlik daromadi 150 ming so‘m bo‘ladi. O‘rtadagi dam olish kunlari, to‘liqsiz ishlangan kunlarni (aholi supurgi bog‘lashdan tashqari dehqonchilik va chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi) inobatga olsak, bir ishchi oyiga o‘rtacha 3 million so‘m ishlab topadi. Agar 2 ming 500 so‘mni supurgi narxiga qo‘shsak, 14 ming 500 so‘m, kommunal to‘lovlar, jarayonda ishlatiladigan sim va boshqa kichik xarajatlarni qo‘shganda bir dona supurgi narxi o‘rtacha 15 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchi ularni shakliga qarab (supurgining narxi uning bog‘lami (panjasi)ning soniga qarab farq qilar ekan), 20 ming so‘mgacha sotadi.
Biz qishloqdagilardan bir oyda yoki yilda nechta supurgi sotilishi bo‘yicha aniq raqam ololmadik. Lekin uyida supurgi bog‘latadigan bir oila yiliga kamida 100 million so‘m foyda qilar ekan. Bu o‘tin va yem o‘rnida ishlatiladigan supurgi donidan tashqari daromad.
– Ishni tayyor supurgilarni uyma-uy yurib sotishdan boshlaganman, - deydi Xo‘jaakbar Sultonov. – Manna, 15 yildirki o‘zim supurgi tayyorlayapman. Uyimda har kuni 4-5 nafar qo‘shnim ishlaydi. Daromadim yomon emas, mashina oldim, uy soldim, to‘y-ma’rakalarga yetib turibdi. Xullas, bu ish ortidan kam bo‘lganimiz yo‘q.
Supurgini xorijga eksport qilsa bo‘ladi, ammo...
Ayni kunda Qozoqxo‘jada tayyorlanayotgan supurgilar nafaqat viloyatimiz, balki butun respublika bo‘yicha sotilayotgan ekan. Qishloqdagilarning aytishicha, hozir respublikaning faqat ikki joyida, Andijon va Samarqandda uy supurgilari tayyorlanadi. Lekin Samarqandning mahsuloti sifatliroq bo‘lgani uchun bozori chaqqon. Sotuvchilar supurgilarni Tojikistonga ham o‘tkazishayotganini aytishdi. Bu ham yaxshi, o‘tgan yili Rossiyaning Maxachkala shahriga 10 ming dona supurgi eksport qilinganiga nima deysiz?
– Turli davlatlardagi bozorlarni o‘rganyapmiz, - deydi Oybek Aliqulov. – MDH davlatlarida sifatli supurgiga talab yuqori ekan. Ammo ularga mahsulotni tizimli eksport qilishga tayyor emasmiz. Sababi, supurgi bilan shug‘ullanuvchilar hunarmand hisoblanadi, yuridik firmamiz yo‘q. Shu bois bu yil ularni yagona kooperatsiyaga birlashtirishni o‘ylayapmiz. Bu milliy supurgilarimizni jahon bozoriga olib chiqish imkonini beradi.
Qishloqning muammolari bor
Bu qozoqxo‘jaliklarning qo‘lini kalta qilayotgan yagona masala emas. Aholi bilan muloqotimiz vaqtida yana bir qator muammolar tilga olindiki, ularni ham eslab o‘tmasak bo‘lmaydi. Jumladan, qishloq umuman gazlashtirilmagan. Biz kirib ko‘rgan xonadonlarda ham ishchilar sovuq xonalarda ishlashga majbur bo‘layotgandi. Ko‘chalar asfalt qilinmagan, yog‘ingarchilik vaqtida ularda piyoda tugul mashinada yurish ham qiyinchilik tug‘diradi. Bir zamonlar asfalt qilingan ko‘chalar esa yaroqsiz holatga kelgan va tor. Ichimlik suvi, elektr ta’minotidagi muammolarniku aytmasak ham bo‘ladi. Xo‘sh, shunday sharoitda tadbirkorlikni rivojlantirish mumkinmi?
Yolg‘on bo‘lmasa, o‘tgan yili qishloqqa tuman va viloyat hokimligidan mas’ullar kelib, aholi bilan uchrashgan ekan. Lekin “Muammolarni hal qilamiz, biznesingizni rivojlantirishga ko‘mak beramiz”, deya va’da bergan mas’ullar hali amaliy ishni boshlamapti. To‘g‘ri, tadbirli qozoqxo‘jaliklar qarab turgani yo‘q, loy ko‘chalarga shag‘al yotqizishyapti, imkon qadar sharoitini yaxshilashga urinishyapti. Biroq hududda ularga bog‘liq bo‘lmagan, “katta”larning aralashuvi bilan hal bo‘ladigan masalalar ham bisyor.
Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tishimiz lozim. To‘g‘ri, viloyatimizda Qozoqxo‘jaga o‘xshash salohiyatli qishlog‘u mahallalar ko‘p. Lekin negadir ular haqida deyarli hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Jumladan, supurgi ishlab chiqaruvchilar mahallasini topishimizdan oldin, mas’ullarga “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili yo‘lga qo‘yilgan mahallani topib berishlarini so‘rab bir necha marotaba murojaat qildik. Hech kim “yo‘q”, demaydi, kutasiz, ammo natija yo‘q. Bu ayni tamoyilning ijrosi faqat qog‘ozlarda bo‘layotganini anglatmasmikan? 50-60 yildan beri supurgi ishlab chiqaradigan, tayyor biznes loyihasi bor qishloqqa “e’tibor” shunchalik bo‘lganidan keyin, qolganlarini tasavvur qilavering. Yo‘qdan bor qilolmas ekanmiz, borini rivojlantirishni o‘ylaylik.
Asqar Barotov.