Mebelsozlik: Qorag‘uppada kichik sanoat zonasi tashkil etildi
Shu yilning 7 noyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy sanoatni rivojlantirishda mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Chunki, ayni paytda mamlakatimiz ichki bozorida mebel mahsulotlarining ulushi 5 trillion so‘mdan oshyapti.
Birgina davlat tashkilotlarining mebel mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 1 trillion so‘mni tashkil qiladi. Respublikada 15 mingta mebel ishlab chiqaruvchilar tomonidan yil boshidan buyon 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, lekin bor-yo‘g‘i 22 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Bugungi kunda viloyatimizda mebel va mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 259 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyida 164,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Mebel sanoati sohasida viloyatda yilning o‘tgan davrida 70,4 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushirilib, 267 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Jumladan, Samarqand shahar Farhod shaharchasida joylashgan kichik sanoat zonasida “Shohrux beton-ekspert” xususiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 175 ming dollarlik loyiha amalga oshirildi. Yiliga 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 40 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, hozirda Samarqand va Past Darg‘om tumanlaridagi sakkiz mahalla mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Masalan, Past Darg‘om tumanining Qorag‘uppa mahallasidagi 695 xonadonning 65 tasida 169 nafar ustalar mebelsozlik bilan shug‘ullanmoqda. Ularga munosib shart-sharoit yaratish hamda faoliyatini klaster usulida tashkil etish maqsadida mahalla hududidan 2,5 gektar yer maydonida mebel mahsulotlari ishlab chiqishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda umumiy qiymati 20,4 milliard so‘mlik o‘nta loyiha ishga tushiriladi va 365 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgacha 7 ta lot sotilib, loyihalarni amalga oshirishga kirishildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yakuni bilan viloyatda mebel ishlab chiqarish hajmi 207 milliard so‘mga yetishi, 2023 yilda esa bu ko‘rsatkichni 305,7 millard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Buning uchun mahalliy sanoatning mebelsozlik sohasidada qiymati 26,7 milliard so‘mlik 11 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Xususan, Samarqand tumanidagi “Samarqand Groop” korxonasi negizida qiymati 24,8 milliard so‘mlik zamonaviy mebel ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Ushbu loyihaning yillik ishlab chiqarish hajmi 9,5 milliard so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Soha rivojida xom ashyo masalasi o‘ta dolzarb hisoblanadi. Sababi, ayni paytda sifatli mebel mahsulotlari uchun xom ashyoning asosiy qismi xorijdan keltirilmoqda. Import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xorijiy investorlar tomonidan “Huayxi Vood indusrty” korxonasi negizida qiymati 46,5 milliard so‘mlik, yillik ishlab chiqarish hajmi 30 milliard so‘m bo‘lgan faner va akril ishlab chiqarish loyihasi taklif etilgan. Hozirda bu borada muzokaralar olib borilmoqda.
Mebelsozlik sohasi viloyatimizning har qanday mahallasi yoki mikrohududi uchun muhim va istiqbolli bo‘lib hisoblanadi. Mahallalarda mavjud loyihalar bilan tanishish, ularning muammolarini o‘rganish hozirgi kunda mahalliy aholini yashash joylarida bandligini ta’minlash, kasb egasi qilish imkoni shu sohada yaqqolligini ko‘rsatmoqda.
Nozir Ibragimov,
viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi
***
Qorag‘uppa mahallasidagi hokim yordamchisi Jo‘rabek Ro‘ziboyevning ta’kidlashicha, kichik sanoat zonasi uchun davlat tomonidan zarur infratuzilma yaratilmoqda. Shu maqsadda 5 kilometr yo‘l qurilib, 2 kilometr suv va 3 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i, 1,5 kilometr masofaga yangi elektr tarmog‘i tortilmoqda. Har biri 25 sotixlik lotlarda tadbirkorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirish boshlandi.
– Mebel ishlab chiqarish faoliyatini 2010 yilda boshlaganmiz, - deydi “Mehr mebel” oilaviy korxonasi rahbari Nabi Eshnayev. – Bugungi kunda 50 turdan ortiq qattiq va yumshoq mebellarni yurtimiz bozorlariga hamda qo‘shni Tojikiston Respublikasiga yetkazib beryapmiz. Ayni paytda Qozog‘istondan ham takliflar bo‘lmoqda. Faqat korxonamiz quvvati yetmayapti. Shu bois, mahallamizda tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonasida yangi korxona qurish bo‘yicha loyihani boshladik. 950 dona mebel ishlab chiqarish quvvatiga ega, qiymati 2 milliard 500 million so‘mlik loyihani amalga oshirishni rejelashtirganmiz. Bunda qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ishchilar soni 100 nafardan oshadi. Shuningdek, mebelsozlik uchun zarur bo‘lgan xomashyo – yog‘och yetishtirish ham rejamizda bor. Tegishli tartibda qo‘shimcha yer olib, pavlovniya daraxti yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Bu orqali mahsulotlarimiz tannarxini pasaytirib, mahsulot sifatini oshirishni ko‘zlayapmiz. Shunda ichki bozorni qondirib, xorijga eksport qilish imkoniyatimiz ham oshadi.
– 2017 yilda yumshoq mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik faoliyatimizni boshlagan edik, – deydi “Next forumuz” oilaviy korxonasi rahbari Ilyos Mo‘minov. – Ayni paytda yumshoq mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelyapmiz. Oila a’zolarimiz bilan birga mahallamizdagi 20 ga yaqin yoshlar, xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Kichik sanoat zonasida o‘z loyihamiz bilan ishtirok etish bo‘yicha taklifimizni bergandik. Mutasaddilar tomonidan tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlanib, yer ajratildi. Loyihamiz qiymati 1 milliard 700 million so‘mni tashkil qiladi. Xorijdan zamonaviy mebel ishlab chiqarish uskunalarini olib kelmoqchimiz va nasib etsa, 2023 yilning birinchi choragida korxonana ishga tushiramiz.
Mazkur kichik sanoat zonasi Qorag‘uppadagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidan bo‘lgan kishilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Alisher Isroilov.