Mehnat yarmarkasi beshta tashabbusdan biriga bag‘ishlandi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Unda yigirmaga yaqin korxona va tashkilot 100 ta ish o‘rni bilan qatnashdi.
- 2019 yil 19 martda Yurtboshimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni izchil amalga oshirish ilgari surildi, - deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Azim Rahmonov. - Yarmarkani shu tashabbuslardan biri – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida amalga oshirdik.
Yarmarkaga TATU Samarqand filialining 341 nafar bitiruvchi talabalari va sohaga qiziquvchilar jalb qilindi.
– To‘rt yil davomida telekommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldim, – deydi Davronbek Karimov. – O‘zimga qulay ish surishtirayotgandim. Bugungi tadbir shu muammomga yechim topilishida yordam berdi. Korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish jarayonida meni ko‘proq qiziqtirgan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand filialiga yo‘llanma oldim. Taklif qilingan maosh ham meni qoniqtirdi. Yillar davomida olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llayman va kelgusi faoliyatimni kompaniyaning Samarqand shahri bo‘limida davom ettiraman.
Tadbirda Davronbek kabi talaba-yoshlar o‘zlari tanlagan korxona va tashkilotlarda ishlash uchun yo‘llanma oldi. Ular u yerdagi bo‘sh ish o‘rni bilan yaqindan tanishadi va ikki tomonning xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasi tuziladi.
Abdujabbor PO‘LATOV.