MIB Toyloq tumani bo‘limida “dam yeb yotgan” hujjat ijrosini kim ta’minlaydi?

O‘tgan yili Milliy gvardiya batalon komandiri Sh.Norboyev xizmat mashinasida o‘g‘lim boshqarayotgan avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etdi. Oqibatda “Damas” avtomobilimiz yaroqsiz ahvolga keldi, u ham mayli, o‘g‘limning oyog‘i yetti joyidan sindi.

Hech kimga hech narsa da’vo qilmadim. Temir-tersakka aylangan mashinani suv tekinga sotib, undan qutuldim. O‘g‘limni davolatdim. Ammo mast holatida xizmat mashinasini boshqarib, bir yigitga jiddiy jarohat yetkazgan milliy gvardiya xodimi aqalli bir marta o‘g‘limdan xabar olmadi. O‘shanda uning bu qadar subutsizligi, beorligiga e’tibor qilmagandim.

Negaki, ishni atroflicha ko‘rib chiqqan harbiy sud o‘g‘limning foydasiga 2 million so‘m, davolatish xarajatlarimni hisoblab, mening foydamga 23 million 53 ming 271 so‘m undirish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Mayli, deb shunisiga ham rozi bo‘ldim. Ammo eng katta sarsongarchilik, bosh og‘rig‘i shundan so‘ng boshlandi. Chunki, o‘g‘limni davolatish uchun bor-budimni sotib bo‘lganman. Hali oldinda yana muolajalar olishi kerak. Lekin, Majburiy ijro byurosining "o‘yin"laridan boshim qotgan.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, joriy yilning 29 fevralida kelib tushgan sud hukmini bugungi kungacha ham ijro qilmaslik mumkinmi?!

Mening foydamga undiriladigan zarar bilan bog‘liq ishni yuritayotgan ijrochini almashtirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosining Toyloq tumani bo‘limiga ikki marta murojaat qildim. Na javob bor, na natija.

Mazkur holat bo‘yicha zarnews.uz kanaliga murojaat qildim. MIBchilar qisqa vaqt ichida javob xati berishdi:  “...xatlanganda qarzdor Sherzod Norboyevning nomida mol-mulk aniqlanmadi. Qarzni undirish Sh.Norboyevning ish haqiga qaratilgan.”

Hay, otasiga rahmat, devorging keladi, shu javob xatini yozgan mas’ulga. Negaki, Sh.Norboyev milliy gvardiya safidan haydalguncha nega xatlov o‘tkazib, qarzni undirishni uning ish haqiga qaratmading?! Haydalguncha qaratmabsan, ishdan ketayotganida yakuniy hisob-kitob qilingan summadan “ushlab qolishga” hafsala qilishing uchun kim to‘sqinlik qildi?” degan savollar tug‘iladi.

Aldagani bola yaxshi, degan maqolni MIBchilar faoliyatining mezoniga aylantirib olganmi, deyman?! Aksincha bo‘lganda “fermer xo‘jaligida ishlayotgan ekan, qarzni undirish uning ish haqiga qaratildi”, degan o‘zlari ham ishonmaydigan javobni berishmasdi.

Javobni-ku, boplab beribsizlar, xo‘p. Hurmatli MIB xodimlari, qani aytinglar-chi, Sh.Norboyevdan Milliy gvardiya viloyat qo‘riqlash boshqarmasi foydasiga undiriladigan salkam 7 million so‘mlik qarz ham “dam yeb yotibdi”mi?!

Hammasi mayli, kunda-kunora turli ijtimoiy tarmoqlarda alimentdan qarzini to‘lamagan otalarga ma’muriy ish ochib, ularni qamatayotganlaring to‘g‘risida xabarlar berib turibsizlar. Bu qaysidir ma’noda yaxshidir. Ammo sizlarga navbatdagi savol - nega meni o‘g‘limni mayib qilgan Sh.Norboyevga ma’muriy ish ochmaysizlar?

So‘nggi o‘tinchim, mening holatimga o‘zlaringizni qo‘yib ko‘ringlar!

Arzimurod FAYZIYeV,

Urgut tumani.