“MIBchilarning "futbol"idan charchadim. Qarz berib, undirolmay sarsonman”

Murojaatim majburiy ijro byurosi xodimlarining xatti-harakatlari to‘g‘risida. Men Narpay tumani Majburiy ijro byurosi xodimlarining faoliyatidan mutlaqo noroziman.

Negaki, Aziza S. mendan 22 million 500 ming so‘m qarz olgandi. Uni vaqtida qaytarmagani uchun sudga berdim. Sud qarzni majburiy undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.

Hamma bosh og‘rig‘i shundan keyin boshlandi. Negaki, avvaliga MIB  ushbu manzilda yashamasligi bois A.Sanaqulovaga nisbatan qidiruv e’lon qilinganligi to‘g‘risida javob xati berdi.

Oradan 40 kunlar o‘tgach, qarzdor topilmaganligi uchun ijro harakatlari tugatilganligi to‘g‘risida javob xati oldim.

Shu gapga ishonish mumkinmi? Ro‘yxatda turgan uyida emas, katta onasining (buvisi) uyida yashayotgan ayolni topish uchun katta kuch va aql talab qilinmaydiku?! Qolaversa, Aziza S. chet elga ko‘chib ketmagan.

Savollar ko‘p. Lekin javobning tayini yo‘q.

To‘g‘risini aytganda, Majburiy ijro byurosi xodimlarining bunday “o‘yinlari” tinka-madorimni quritdi.

O‘ylab qoldim, dodimni kimga aytay?

Nurmurat KULANOV,

Narpay tumani Qoraxitoy qishlog‘i.