Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan beriladi

Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga mablag‘lari hisobidan “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va Xalq banki ATBda kredit liniyalari ochilgan, deb xabar bermoqda huquqiy axborot kanali.

Mazkur mikrokreditlar kichik tadbirkorlik sub’yektlariga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga, oilaviy tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagilar uchun ajratiladi:

- shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, urug‘liklar, ko‘chatlar, chorva mollari va parrandalar, qishloq xo‘jaligi inventari va uskunalari, sug‘orish moslamalari (nasoslar, artezian quduqlari va boshqalar) xarid qilish;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat iste’mol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xom ashyo xarid qilish;

- xizmat ko‘rsatish sohasida, ayniqsa, maishiy, ta’mirlash, ta’lim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash;

- qishloq tumanlarida, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida kasanachilikni rivojlantirish;

- tuman va shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xom ashyo, yer, qishloq xo‘jaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yo‘nalishlar.

Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (101 mln 365 ming so‘m) 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan, tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.

Bunda mikrokreditlar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam ta’minlangan oilalarning a’zolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov ta’minotisiz eng kam ish haqining 100 baravari (20 mln. 273 so‘m) miqdoridan oshmagan hajmda ajratilishi mumkin.