Milliy gvardiya xodimlari Kattaqo‘rg‘onda mehmonda bo‘lgan to‘rt yashar qizchani Toshkentga yetkazishdi
Hurmatli Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Mirzayevich!
Siz rahbarlik qilayotgan Milliy gvardiya safida xizmat qilayotgan barcha xodimlarga o‘zim va oilam nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman.
Kecha Milliy gvardiya xizmatchilari ko‘magida ikki oydan ziyod vaqt Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahridagi buvisinikida mehmon bo‘lib qolgan to‘rt yashar nabiramni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumaniga eson-omon yetkazib berishdi. Nabiram ota-onasi xorijda bo‘lganligi sababli menga juda o‘rganib qolgan.
Navro‘z bayramida Kattaqo‘rg‘onga borib, yaqinlar bilan diydorlashib, uni o‘zim bilan qaytarib olib kelaman, deb o‘ylagandim. Lekin karantin sabab bora olmadim. Shunda ham hech kimni bezovta qilish niyatimiz yo‘q edi. Sabr qilamiz, hademay karantin tugaydi va nabiram bag‘rimga qaytadi, deb yurgandim. Lekin o‘tgan hafta qazosi yetib, biz uchun kutilmaganda qudabobo dunyodan o‘tib qoldi. Ta’ziyali xonandonda bola qiynalib qolgani sabab sizlarga murojaat qildim.
Murojaatimga Milliy gvardiyaning feysbukdagi sahifasini yurituvchi, axborot xizmati xodimi Nafosat Zafarova tezkorlik bilan javob berdi. Shundan so‘ng Toshkent va Samarqand boshqarmasi boshliqlari va xodimlari murojaatimni o‘rganib chiqib, ishga kirishishdi. Kecha 29 aprel kuni nabiramni bag‘rimga qaytarishdi.
Oilamizning xursandchiligi cheksiz.
Xususan, Milliy gvardiya axborot xizmati xodimi Nozimaxon Mahmudova, Samarqand viloyat boshqarmasidan, mayor Jahongir Po‘latov, Madina Rahmonova, Ahmadzoir Boltayev va kecha Samarqand viloyatidan Toshkentga bolalarni yetkazib berishda ishtirok etgan barcha-barchaga bergan ko‘maklari uchun tashakkur!
Qadrli Milliy gvardiya xizmatchilari, butun dunyoni tang ahvolga solib qo‘ygan koronavirus pandemiyasi davrida fuqarolarga berayotgan ko‘maklaringiz, kunu tun tinim bilmay qilayotgan mehnatlaringiz tahsinga loyiq. Umringizdan baraka toping, mehnatingiz rohatini ko‘ring!
Koronavirus tezroq barham topib, siz ham oilangiz bag‘riga eson-omon qaytishingizni tilayman!
Hurmat bilan, Dilfuza SOBIROVA, jurnalist.