Milliy hamda xalqaro sertifikatlar asosida kimlarga maksimal ball beriladi?

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil 13 mayda “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimi sertifikatlarini tatbiq qilish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror o‘zida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarni qo‘llab-quvvatlash va 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish, shuningdek, kirish sinovlarida belgilangan imtiyozlarni (milliy yoki xalqaro sertifikatlar asosida imtihonlarsiz maksimal ball berilishini) aks ettirgan.

Birinchidan, 2019/2020 o‘quv yilida chet tillari asosiy fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori daraja belgilandi.

Ikkinchidan, 2019/2020 o‘quv yilida chet tillari asosiy fan sifatida kiritilmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B1 va undan yuqori daraja belgilandi.

Uchinchidan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha (asosiy yoki asosiy bo‘lmagan fan ekanligidan qat’i nazar) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori daraja tatbiq etiladi.

To‘rtinchidan, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun alohida sertifikat darajasi bo‘yicha tartib belgilandi.

Beshinchidan, 2019 yilga qadar Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlab qolindi.

Oltinchidan, mazkur qaror ilovasiga ko‘ra, sertifikat sinovlar yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.

N.EShONQULOV,

Davlat test markazining

viloyat bo‘limi boshlig‘i.