Mingtepa va Xo‘jamazgil mahallalari qachon obod bo‘ladi? Bulung‘urlik mutasaddilar holat yuzasidan jamoatchilik savollariga javob berdi
Qayd etilgan mahallalarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Jamoatchilik eshituvida bu borada aniqlangan ayrim muammoli holatlar atroflicha muhokama qilindi.
Dasturga ko‘ra, ikki mahallada 18,9 kilometr ichki yo‘llar, 9,5 kilometr ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi ta’mirlanishi, 4,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta transformator yangilanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 4 kilometr irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlari yaxshilanishi, 3 kilometr piyodalar yo‘laklari qurilishi ko‘zda tutilgan. Mahallardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariining mavjud binolarini mukammal ta’mirlash va qo‘shimcha bino qurish belgilangan.
Monitoring natijalariga ko‘ra, dastur doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq, Mingtepa mahallasida 2 ta avtobekat qurish nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bugungi kungacha qurilmagan. Negaki, tegishli tashkilotlardan ruxsat olgan tashabbuskorlarga tuman hokimligi tomonidan bekat qurish uchun boshqa joy tavsiya qilingan. Shuningdek, 1,5 kilometr piyodalar yo‘lagining qing‘ir-qiyshiq holatda 830 metr qurilgan.
Birlik qishlog‘idagi dastur doirasida asfalt yotqizilishi lozim bo‘lgan 2,7 kilometr qismi aholining fikricha yomon holatda emas. Mahalla raisi va hududdan tuman Kengashiga saylangan deputatning yo‘lning ba’zi joylarini (500 metr) ta’mirlab, qishloqni aylanib keluvchi tuproq yo‘lga tosh to‘shab asfalt qilinsa xalq uchun foydali bo‘ladi.
Yig‘ilishda bu kabi takliflar bilan birga qayd etilgan muammoli masalalar yuzasidan tuman mutasaddilarining aniq javoblari olindi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan zarur choralar belgilandi.
Misol uchun, jamoatchilik monitoringi davomida aniqlangan masalalar tegishli tartibda viloyat hokimligi va xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga tahliliy materiallar kiritishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi jamoatchilik nazorati tadbirlari joylardagi kamchiliklarni ko‘rsatish yoki tanqid qilish emas, qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida, lozim darajada ijro etilishini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘z navbatida barchaning sa’y-harakatlarni birlashtirish, amalga oshirilayotgan o‘zgarish va rivojlanish jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi.