Miyadagi qurt. O‘g‘rilar qoldirgan xat. Sirli qo‘ng‘iroq

Avstraliyaning Kanberra shahrida jarrohlar bemor ayol miyasidan 8 santimetr keladigan qurtni olib tashladilar. Tibbiyot tarixida hali bunday hodisa uchramagan, deb yozadi The Guardian.

64 yoshli ayol qorin og‘rig‘i va ich ketishi shikoyati bilan 2021 yilda shifoxonaga tushgandi. Keyinchalik uning kasalligiga quruq yo‘tal, kechasi terlash va boshqa noxushliklar ham qo‘shildi. 2022 yilda xotira susayishi, asabiylik shikoyati bilan yana shifoxonaga tushgan ayolni vrachlar tekshirib ko‘rib, miyada qurt borligini aniqladilar. Olib tashlangan qurt yuqumli parazitlar turkumiga kirib, ilonlarda uchrar ekan. U odamda birinchi marta qayd etildi.

***

Italiyaning Pardinon provensiyasi Kons kommunasida eshikni buzib o‘g‘rilikka kirgan talonchilar xonadon egalariga xat qoldirib, kechirim so‘rashdi, deb xabar beradi II Gazzettino.

O‘g‘rilar binoda qo‘lga ilinadigan hech vaqo topisha olmagach, xat qoldirishdi: «Afsuski, bizning pulimiz yo‘q, qornimiz esa och. Tushunamiz, sizlarga ham qiyin ekan. Ammo kuyinmang!..»

Politsiya hozirgacha ham o‘g‘rilarni topolgani yo‘q.

***

Bir kuni Britaniyaning Norfolg grafligida yashovchi 80 yoshli kampir mobil telefoni bemahal jiringlab tinchini buzayotganidan shikoyat qiladi, deb xabar beradi Daily Mail.

Uning aytishicha, yarim kechasi telefon chiroqchasi yorug‘idan uyg‘onib ketibdi. Dayan Ki uni o‘chirib yana uyquga yotibdi, ammo har kuni o‘shandan buyon kechasi bir vaqtda o‘chirilgan bo‘lsa ham telefon chiroqchasi yonaveribdi va bir xil matnda xabar kela boshlabdi: «Muammo yo‘q, men seni unutgan emasman!»

G‘alati hodisadan kapalagi uchgan kampir telefonini sotib olgan do‘koniga topshirib, pulini qaytarib oldi.

T.Shomurodov tayyorladi.