MTM: Nurobod qamrovi eng past tuman. Nega?
Nurobod tumaniga borgach, bu savolga javob topgandek bo‘ldik. Tuman asosan dasht hududidan tashkil topgani uchun qishloqlar tarqoq joylashgan. Ayollarning aksariyati uy bekasi. Ayrim qishloqlar tuman markazidan 70-80 kilometr olisda. Chekka qishloqlarda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilmagan. Dehqonchilik bilan asosan tog‘oldi va tuman markazidagi hududlar aholisi shug‘ullanadi. Ammo bu kabi muammolar farzandlarimizning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
- Bugungi kunda tumanda 9 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritib, ularga 1240 nafar bola qamrab olingan, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Dilobar Amirova. – Shuningdek, 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, bitta nodavlat hamda 48 ta oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda tumandagi 13 ming 888 nafar bolaning 2 ming 238 nafari, ya’ni 16 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ikki yil oldingi raqamlar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bolalarning bog‘chalarga qamrovi uch barobarga oshdi. Jumladan, 2017 yilda 5 ta bog‘cha faoliyat yuritib, 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 4,6 foizi bog‘chaga qatnardi. Muassasalarning aksariyati 20-25 nafar bola bilan ishlagan. Ota-onalarning ham bog‘chalarga e’tibori sust edi. Bugun esa munosabat o‘zgargan.
Ota-onalar nimadan norozi?
Maktabgacha ta’lim bo‘limiga borganimizda o‘nlab ota-onalarning yo‘llanma olish uchun yordam so‘rab murojaat qilganligiga guvohi bo‘ldik.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi «Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, bog‘chaga farzandini joylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar faqatgina davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladi. Ota-onalar esa yillab navbat kutayotganini aytishdi. Xo‘sh, muammo nimada?
- Muammo bog‘chalarimizning kamligida, - deydi D.Amirova. – Agar mavjud imkoniyatlarimizni tahlil qiladigan bo‘lsak, tumanimizdagi har 12 bolaning bittasi bog‘chaga borish imkoniyatiga ega. Joriy yil 250 nafar tarbiyalanuvchi maktabga boradi. Ammo davlat xizmatlari markazi orqali bog‘chalarimizga yuzlab ota-onalar navbatda turibdi. Shuning uchun birinchi navbatda bog‘chalar sonini ko‘paytirishimiz lozim. 2019 yil 11 yanvarda Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda tumanimizda ikkita yangi bog‘cha ochish taklifini bildirgandik. Taklif e’tiborga olinib, joriy yilgi dasturga kiritildi. Bog‘chalarning biri - 160 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi Sahoba qishlog‘ida quriladi. Ikkinchisi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, bu yil Investitsiya dasturi asosida Olg‘a va O‘rtabo‘z qishloqlarida ham 160 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari qurilib, foydalanishga topshiriladi. Bu bog‘chalar Koreya tajribasiga asoslangan holda tashkil etilmoqda. Yil yakunigacha 15 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 10 ta oilaviy bog‘chalar qurilishi bilan yana 1460 nafar bolajonlarni bog‘chaga qamrab olish, ko‘rsatkichni 26,6 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bolalarning bog‘chalarga qamrovi Tim misolida
Tim Nurobod tumani markazidan 70 kilometr olisdagi qishloq. Manzilgacha Musoqoq, Toshquduq, Sepki qishloqlaridan o‘tib bordik. Yo‘l-yo‘lakay birorta bog‘chaga ko‘zimiz tushmadi. Markazga 30 kilometr uzoqlikdagi Musoqoq qishlog‘ida yashovchi ayrim ishlovchi ota-onalar farzandlarini tuman markazidagi bog‘chaga olib kelishadi, navbatda turgani ham ancha. Hududda 7 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritadi. Maktabgacha ta’lim muassasasi 2 tagina 50 o‘rindan xolos. Shuningdek, 50 nafar bola qisqa muddatli guruhlarda tahsil oladi. Agar har bir maktabda ikkita 25 nafardan birinchi sinf tashkil etilsa, 350 nafar bola bir yilda maktabga boradi. Ularning esa bor-yo‘g‘i 100 nafari bog‘chaga borishi mumkin.
Bog‘chalardagi sharoitlar bilan tanishdik. Ayrim kamchiliklarni aytmaganda, ko‘zni quvnatadi. Asosiysi, bolajonlarning ilmga tashnaligini burro-burro she’rlar aytib, inglizcha sanayotganidan bilish mumkin.
- Bog‘chamiz 2018 yil mart oyida qayta qurildi, - deydi 3-MTM mudirasi Xolnisa Umrzoqova. – 50 o‘rinli bog‘chada qisqa guruhlar bilan birga 100 nafar bola ta’lim-tarbiya olyapti. 250 nafar bola navbatda turibdi. Ammo ko‘rib turganingizdek, asosiy guruh uchun bittadan yotoqxona va mashg‘ulotlar xonasi ajratilgan. Guruhda 25 nafardan ortiq bolani qabul qilish mumkin emas. Har kuni ota-onalar farzandini muassasaga qabul qilish uchun murojaat qiladi. Yana qo‘shimcha o‘rin yaratish uchun mavjud xonalarni ixchamlashtirmoqchimiz. Ya’ni, yotoqxonadagi mebel jihozlarini Koreya uslubida yig‘iladigan yotoq mebellariga almashtirsak, bitta xonadan ham mashg‘ulotlar xonasi, ham yotoqxona sifatida foydalanish imkoniyati yaratiladi va yana 50 nafar bolajon bog‘chaga qatnay boshlaydi.
To‘g‘ri, bog‘chada ham muammolar talaygina. Elektr energiyasida tez-tez uzilish bo‘lishi, mahsulotlarning aksariyati olis hudud bo‘lgani uchun bir oyda, tez ayniydiganlari haftada olib kelinishi, issiq kunlarda mahsulotning saqlanish me’yorlari buzilayotganidan ko‘z yumib bo‘laydi.
Bunyodkor mahallasidagi 1-sonli MTMda tarbiyachining o‘rniga hamshira ishlayotgani, «menyu»dagi ikkinchi ovqatda berilishi lozim bo‘lgan kotlet, bolalarning aytishicha berilmaganiga guvoh bo‘ldik.
Tashabbuskor tadbirkorlar kerak
Savol tug‘iladi: tumanda qamrovni oshirish imkoniyati bormi?
Bizningcha, tumanda davlat-xususiy sheriklikda hamda oilaviy bog‘chalarni ko‘paytirish evaziga qamrovni oshirish imkoniyati mavjud. Nodavlat bog‘chalarga bolalarni ota-onalar bermasligi mumkin. Chunki Nurbuloq mahallasida ochilgan 50 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida 16 nafar bola ta’lim oladi. Yana ayrim tadbirkorlar tuman markazida ochsa-da, bolalarning kam kelganligi uchun davlat-xususiy sheriklik shakliga o‘tkazilgan. Ota-onalarning badal puli ushbu hududda 2023 yilgacha 50 foizlik chegirma asosida to‘lanadi. Ya’ni, tuman markazida har bir bola uchun 67 ming so‘mni, oilaviy bog‘chalarda 9 soat bo‘lgani uchun 36 ming so‘mni tashkil etadi. Shuning uchun tumanda davlat, oilaviy hamda davlat-xususiy sheriklikdagi bog‘chalarni ochish samarali natija beradi.
Shuningdek, tashabbuskor tadbirkorlar mavjud imkoniyatlardan foydalanib qo‘shimcha to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, shuningdek, Koreya davlati ta’lim tajribasidan kelib chiqib, xonalarni ixchamlashtirishi muammoga yechim bo‘lishi mumkin.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.