Muddatida to‘langan soliqlar hududlar taraqqiyotiga xizmat qiladi

Mol-mulk va yer soliqlarini o‘z vaqtida to‘lash har bir yurtdoshimizning fuqarolik burchidir. Ushbu turdagi soliqlar bevosita mahalliy byudjetga tushadi. Demak, muddatida to‘langan mol-mulk va yer soliqlari hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, pirovardida turmushimizning yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari stavkalari belgilangan. Chunonchi, turar joylar, kvartiralar (shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan oshiq bo‘lganlari bundan mustasno), dala hovli qurilmalari, boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun mulkning kadastrt qiymatidan 0,2 foiz etib belgilangan.

Shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan turar joylar va kvartiralar uchun 0,25 foiz, umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 0,35 foiz etib belgilanganini qayd etish joiz. Boshqa aholi yashash punktlarida joylashgan, umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turar joylar va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida mol-mulk solig‘i to‘lanadi.

Masalan, Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda joylashgan xonadonning umumiy maydoni 70 kvadrat metr bo‘lib, kadastr idorasi tomonidan 85 million so‘m kadastr qiymati ko‘rsatilgan. Ushbu xonadonga bir yilga 170 ming so‘m mol-mulk solig‘i hisoblanadi (kadastr qiymati 85000000*0,25% soliq stavkasi=170 ming so‘m).

Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i kadastr qiymatidan kelib chiqqan holda, lekin 42 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanadi. Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo‘yicha organlar belgilagan kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlarida 210 million so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilinadi. Mol-mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulk shartli qiymatining ikki baravari miqdoridan kelib chiqib undirilishini qayd etish lozim.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kvadrat metri hajmida belgilanadi.

Fuqarolardan yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yerning 1 kvadrat metri uchun Samarqand shahrida 225 so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahrida 133,6 so‘m miqdorida yer solig‘i olinadi. Boshqa kichik shaharlarda esa 1 kvadrat metr uchun 133,6 so‘m, tuman markazlari hisoblangan qo‘rg‘on va qishloq aholi punktlarida 116 so‘m to‘lanadi.

Samarqand viloyatida dehqon xo‘jaligini yuritishga sug‘oriladigan zonadan berilgan 0,01 gektar yer maydoni uchun uchun 7 911,6 so‘m (aholi punktlarida) va 3 956,5 so‘m (aholi punktlaridan tashqarida) miqdorida soliq stavkasi belgilangan. Lalmi yerlarning 0,01 gektar yer maydoni uchun esa 917 so‘m to‘lanadi. Bundan tashqari, jamoa bog‘dorchiligiva polizchiliginiyuritishga berilgan 0,01 gektar yer maydoni uchun 3 578,2 so‘m miqdorida soliq stavkasi belgilangan.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning yer solig‘i hisoblanishida me’yorlar belgilangan. Ushbu me’yor qishloq joylarda 0,10 gektar, shahar joylarda 0,06 gektardan iborat.

Masalan, tuman hududida joylashgan uy joy egasining yer maydoni 0,15 gaktarni tashkil qilsa, ushbu fuqaroga tegishli yer maydonning 0,10 gektariga 79116 so‘m (0,10*7911,6=79116 so‘m), me’yordan ortiq 0,5 sotix yer maydoniga 1,5 barobar miqdorida, ya’ni 59337 (7911,6*1,5=11867, 4*5=59337) so‘m yer solig‘i hisoblanadi.

Umid Alimov,

Samarqand viloyati davlat soliq

boshqarmasi axborot xizmati xodimi.