Muddatli harbiy xizmatga saralash bugun oldingilaridan farq qiladi. Kattaqo‘rg‘on shahrida bu qanday o‘tkazilyapti?
Harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar mudofaa ishlari bo‘limida 125 nafar yigit muddatli harbiy xizmatga borish uchun sinovdan o‘tdi.
Bo‘lim boshlig‘i, mayor Husan Saparovning ta’kidlashicha, bu galgi saralash jarayonlari oldingilardan tubdan farq qiladi.
Misol uchun, joriy yilda chaqiriluvchilarning intellektual salohiyatini sinab ko‘rish uchun test sinovlari Davlat test markazidan emas, balki xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tavsiya etilgan o‘qituvchilar tomonidan o‘tkazilmoqda.
Chaqiriluvchilar uchun tuzilgan test savollarida ham farq bor. Bunda Amir Temur “Tuzuk”lari va Jaloliddin Manguberdi hayoti, faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar, umuman, tariximizga oid savollarga e’tibor qaratilgan. Har bir chaqiriluvchi 60 ta savolni kompyuterda yechadi. Ahamiyatlisi, bu jarayonni ota-onalar alohida xonada o‘rnatilgan monitorlar orqali ko‘rib-kuzatib turadi.
Agar chaqiriluvchi berilgan 1 soat 30 daqiqa vaqt davomida test savollaridan 46 tasining javoblarini to‘g‘ri topsa, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.
Kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbatlar ham o‘tgan yilgilardan farqli tarzda bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, unda Kattaqo‘rg‘on shahar xalq ta’limi, ichki ishlar va yoshlar ittifoqi tuman bo‘limi mas’ul xodimlari hamda “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari tuman bo‘linmasi, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi va ota-onalar orasidan vakillar bevosita komissiya tarkibiga kiritilgan.
Yoqub MARQAYeV.